Samarqand shahar elektr tarmoqlari idorasining chala ishi e’tirozlarga va noqulayliklarga sabab bo‘lmoqda

Andishani ham rasvo qildinglar. Necha marta bir muammo bo‘yicha murojaat qilish mumkin? Rahbarlaringga telegram va telefon orqali chiqib, o‘z zimmalaringdagi ishni bajarishlaringni so‘ragan edim. Ammo bugun-erta deb qancha vaqt o‘tib ketdi. Eski tos, eski hammom, deb yozmoqda samarqandlik taniqli jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayev o‘zining feysbukdagi sahifasida.

“Bog‘imaydon mahallasida “Ettigo‘r” qabristoni devori yonidan kabel ko‘mish uchun 100 metracha uzunlikdagi chuqur qazilganiga besh oycha bo‘ldi. Xandaq qazilgach, tezda ko‘milmadi va u axlatxona aylandi, hamma yoq changu g‘uborga to‘ldi. Bir necha marta qilgan murojaatimizdan so‘ng kabel yotqizilib, chuqur ko‘mildi. Ammo ish oxirigacha yetkazilmadi, moshina o‘tsa yoki shamol ko‘tarilsa, hamma yoqni chang to‘zon qoplaydi. Yog‘ingarchilik boshlansa, loy kechishga to‘g‘ri keladi.

Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi va uning shahar bo‘limi rahbarlariga murajaatimiz samarasiz qolib ketmoqda. Bilaman, viloyatda qilishingiz lozim bo‘lgan ish juda ko‘p. Shu sababli imkoniyatdan kelib chiqqan holda bu ishga kirishish kerak edi. O‘sha savil qolgur kabelni ulash ishlarini oxirigacha yetkazish iloji bo‘lmasa, ishni boshlab nima qilardingiz? Hammasini tayyorlab bir necha kun ichida ishni yakunlashni rejalashtirish kerak emasmidi?!

Mahallamizdagi eskirgan, qiyshiq simyog‘ochlarni almashtirish dasturga kirgan deyilgan edi. Lekin qani natija? Ikki yil davomida yuqori tashkilotlardan mahallani obodonlashtirish bo‘yicha nimalar qilish kerak degan savollar yuborishadi. Biz jumladan 70ta eski simyog‘ochlarni yangisiga almashtirish lozimligini yozib yuboramiz. Hammasi qog‘ozda qolib ketmoqda. O‘tgan yilgi rekonstruktsiyadan so‘ng Afrosiyob ko‘chasida bitta eski stolba qolib ketdi. Mutasaddilar brigadir Akmal aka boshchiligida kelib, tez orada uni yangisaga almashtirishni va’da qilib ketgan edi. Shunga ham bir yarim yil bo‘ldi…”

Leave a comment

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *