O‘zbekistonda raqamlar qimmatligi bo‘yicha rekord dastlab 2007 yilda sodir bo‘lgan. Unda samarqandlik yuridik shaxs “30 777 AAA” raqamini auksion orqali 340 million so‘mga sotib olib, rekord o‘rnatgan, bu taqriban 37 200 AQSH dollariga teng miqdordagi summa.
Undan keyingi yangi rekord 2021 yilning avgust oyida qo‘yildi. Fuqaro “30 Z 777 ZZ” avtoraqamini 441,5 mlnga sotib olib, oldingi rekordni yangiladi.
Yana bir yangi rekord Toshkentda o‘rnatildi. “01 O 001 OQ” avtomashina raqami 525 million so‘mga sotildi. Eslatib o‘tamiz, raqam uchun boshlang‘ich baho 243 million so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, yakunda bu xaridorga salkam 50 ming dollarga tushgan.
Umuman olganda avtoraqamlar savdosi davlat byudjeti uchun yaxshigina “yemak” bo‘lmoqda, chunki bu savdo ortidan milliardlab pullar oqib keladi. Masalan, birgina 2020 yil davomida auksionda sotilgan qimmat raqamlar soni 98 898 tani tashkil etib, umumiy qiymati 243 mlrd 185 mln 752 ming 610 so‘mga aylanmoqda.
Xalq boy bo‘lsa, davlat boy bo‘ladi deyishadi donolar, xalqning boyligi, orzu-havasga sherikligi davlatimiz uchun manfaatli bo‘lsa, biz bundan shodmiz.
Zayniddin Norquvvatov