Sirtqi(kechki) taʼlim shaklidagi talabalar Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi uchun oʻgaymi?


Oliy taʼlim muassasalari(OTM)da taʼlimning sirtqi shakli uchun oʻqish kontrakt miqdorini kimlar belgilaydi?

Bu miqdor adolatdanmi?

Qanday hisob-kitoblarga asosan narx belgilanadi?

Har yili kuz kelishi bilan OTM talabalari uchun kontrakt muammosi boshlanadi.
Koʻpchilik talabalar, ota-onalar kontrakt miqdori aholining yashash sharoitiga, daromad manbaiga qaranganda karra miqdorida qimmat ekanligidan norozi boʻladilar, boʻlmoqdalar.

Bu eʼtirozlarga Oliy va Oʻrta-maxsus Taʼlim Vazirligi talabalarning oʻqitish qiymati yuqori ekanligi, hozirgi kontraktlar ham aslida arzon ekanligi bilan javob qaytarmoqda.

Ajablanarlisi Kunduzgi taʼlim shakli uchun belgilangan kontrakt miqdoridan Sirtqi taʼlim shakling kontrakt miqdori koʻp ekanligi?
Nega bunday?
Bunga biror arzirli sabab bormi?

Quyida Iqtisodiyot(tarmoqlar va sohalar boʻyicha) yoʻnalishida kunduzgi va sirtqi taʼlim shakli uchun narxlarni taqqoslab koʻramiz.

Kunduzgi taʼlim shaklida oʻqish uchun kontrakt toʻlovi miqdori 1 oʻquv yili uchun 9 129 930 soʻm qilib belgilangan, 2021-2022-oʻquv yili uchun, 1 oʻquv yilida talabalar kamida 240 ish kuni davomida taʼlim olish uchun keladilar( taxminan 10 oyda 300 kun, 42 hafta boʻladi. Shundan har haftadagi Yakshanba kunlari, 1 yildagi bayramlar uchun taxminan 60 kun chiqarib tashlaymiz).
Demak, kunduzgi taʼlim shaklida taʼlim olayotgan talabani bir kun oʻqitish OTM ga 38 041 soʻmga tushmoqda.
Bu stipendiyasiz toʻlov kontrakt miqdori, Sirtqi taʼlimda stipendiya boʻlmagani uchun, shu miqdor olindi.

Endi Sirtqi taʼlimni hisob qilamiz.
Sirtqi taʼlim uchun 2021-2022 yili uchun kontrakt miqdori 10 461 682 soʻm, 1 oʻquv yili uchun.
1 oʻquv yilida talabalar jami 48 kun oʻqish uchun keladilar. Kuzgi semestrda 24 kun, Bahorgi semestrda 24 kun, 1 kun talabani oʻqitish uchun OTM 217 952 soʻm xarajat qilmoqda.

Bundan tashqari umumiy xarajatlar hisoblansa Kunduzgi taʼlim 4 yil, Sirtqi taʼlim 5 yil. Sirtqi taʼlim talabalari 1 yil qoʻshimcha oʻqishadi, bu taxminan 10 — 15 mln soʻm qoʻshimcha toʻlov degani).

Kunduzgi taʼlimda oʻqiydigan talabadan oʻqish harajatlari uchun kuniga 38 041 soʻm, Sirtqi taʼlimda oʻqiydigan talabalardan esa 217 952 soʻm toʻlov talab qilish gʻalati emasmi?

Bu narxni kim belgilagan, nega bunchalik, deyarlik 6 barobar tafovut?

Bu narx qaysi kategoriyalar, sabablar bilan belgilangan?

Narx belgilash kimni vakolatiga kiradi? Va qanday asoslar bilan bu narx belgilangan?
Kim izoh bera oladi bunga?

Bu masalada tugal qaror chiqarish, nazorat qilish kimni vakolatlariga kiradi?

Oliy va Oʻrta-maxsus taʼlim vazirligi vakolatlarigami?

Vazirlar mahkamasi huzuridagi taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi vakolatlarigami?

Prezidentning fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport masalalari boʻyicha maslahatchisining vakolatlarigami?

Moliya vazirligining vakolatlarigami?

Yuqoridagi savollarga javob beradigan, holatni, taʼlimning sirtqi shakli uchun belgilangan kontrakt miqdori nimaga asoslanganini tushuntirib beradigan biror kim bormi?

Hurmatli talabalar, sizlar qanday fikrdasizlar bu masala yuzasidan?

Nega siz va biz talabalar ustidan, bizga bogʻliq masalada bizni fikrimizni olishmaydi?

Nega bizga bu summa qayerdan kelib chiqqani haqida maʼlumot berishmaydi?
Dunyoni taʼlim(talabalar) oʻzgartiradi.

Balki kontrakt miqdori boʻyicha, uni ijtimoiy hayotimiz normalari darajasida qayta belgilash boʻyicha, bu narx qanday mezonlar asosida belgilanganligi boʻyicha qilingan talabimizni 1 nafar talaba talab qilsa hech kim eshitmas.

Lekin bunday muammosi bor bitta guruh(30 nafar) talabalari boʻlsachi?

1 patok(90 nafar) talabalari boʻlsachi?

Bir fakultet (300 nafar) talabalari boʻlsachi?

Butun Universitet( 10 000 nafar), yoki butun Oʻzbekistondagi ayni vaziyatdagi talabalar boʻlsachi?

100 000 lab talabalarda shunday muammo boʻlsa ham mutasaddilar bu holatga yuzaki qarashda davom etishadimi?

Vazir almashganidan keyin sohada koʻp yaxshi ishlar, talabalar uchun qulay vaziyatlar yaratildi, ularni foydasiga koʻp qadam tashlandi, vazirlik tomonidan.
Umid qilamizki, vaziyatga shaxsan vazirimiz Abduqodir Toshqulov eʼtibor qaratib, muammoni hal qilishda talabalar tomonida boʻladi degan umiddaman.

Ps. Bu masalani koʻtarishdan maqsad aslo shaxsiy emas. Allohga shukr hozircha, Alloh qodir qilib turibdi kontrakt toʻlashga.
Bu 100 000 lab boshqa talabalarni dardi. Ular uchun holatga befarq qarab turishni xohlamadim. Agar hamma sirtqi talabalarni kontrakt miqdori tushirilsa, yolgʻiz oʻzim hozirgi miqdorda kontrakt toʻlab oʻqishni davom ettirishga, imkonim yetmasa oʻqishni toʻxtatishga ham roziman.

Olimjon Haydarov