Kecha O‘zbekistonning deyarli barcha viloyatlarini chang bo‘roni qopladi. O‘zgidromet bunga Ural tog‘laridan uchib kelgan qumlar, deya izoh berdi. Aslida masala boshqa yerda, yaʼni ekologiya. Agarda bizda yetarli darajada daraxtlar bo‘lganida bunchalik darajada to‘zonni keltirib chiqarmasdi, o‘simlik dunyosi uni hazm qilib yuborgan bo‘lardi.
Daraxtlar kesilishi, moratoriylar uzaytirilishi, jarimalar va shunga o‘xshash ekologiya bilan bog‘liq xabarlarni qayta-qayta beramiz, biz bexabarlarimiz qancha.
Prezident ishtirokida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida yiliga 200 mln tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejasini maʼlum qildi. 2 noyabrdan 10 dekabrgacha bo‘lgan muddat daraxt ekish bo‘yicha «dolzarb 40 kunlik» deb eʼlon qilindi.
Shu yerga kelib bizda bir nechta savollar tug‘ildi:
• Ekilayotgan daraxtlarning navi joyiga, iqlimiga to‘g‘ri keladimi?
• O‘tqazilgan daraxtlar to o‘sib ketgunicha unga kim javob beradi, sug‘orish ishlariga qaysi tashkilot masʼul?
• Ayni sovuqlar boshlanib, qish kirgan vaqt daraxt ekish mavsumiga to‘g‘ri kelyaptimi?
• Mazkur qirq kunlik vaqtda ekiladigan daraxtlarga byudjetdan qancha pul ajratilgan?
• Hududlarga qanday turdagi daraxtlar ekish rejalashtirilgan?
• Daraxt ko‘chatlari qayerdan olinyapti, yetkazib beruvchilar qanday tanlanmoqda?
• 10 so‘mlik ko‘chat 30 so‘mdan olinmayaptimi, rastrata yoki shunga o‘xshash qonun buzilish holatlarini kim nazorat qiladi?
Mazkur savollarga javob olish maqsadida Ekoqo‘mita vakili bilan bog‘landik. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi matbuot kotibi Ozod Rajabov bizga quyidagicha javob yo‘lladi:
“Yashil makon” umummilliy loyihasini puxta tayyorgarlik, aniq mablag‘i, ekiladigan hudud egasi, sug‘orish tizimi bilan amalga oshirish lozimligi qatʼiy belgilandi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yiliga 200 million tupdan ortiq daraxt va buta ko‘chatlarini ekish ko‘zda tutilgan.
Hududlar kesimida oladigan bo‘lsak, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyatida – 16 million tupdan, Andijon, Buxoro, Namangan, Farg‘onada – 15 million tupdan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Sirdaryo, Xorazmda – 14 million tupdan ko‘chat ekiladi.
Shu bois, birinchi navbatda, mavjud va yangidan barpo etiladigan yashil maydonlarga tuman yoki shahar hokimining qarori bilan masʼul belgilanadigan bo‘ldi. Ular daraxtlarni parvarishlash bilan birga, ushbu hududni obod saqlashga ham javob beradi. Obodonlashtirish bo‘limlari maxsus texnika bilan taʼminlanadi, zarur joylarda sug‘orish tarmoqlari barpo etiladi. Ushbu savobli ishda har bir tashkilot, har bir fuqaro o‘z o‘rnini topishiga jiddiy eʼtibor qaratiladi.
Ko‘p qavatli uylarga tutash hududlar uy-joy mulkdorlariga yashil maydonlar barpo etish uchun biriktiriladi va u yerda qurilish qilishga ruxsat berilmaydi. Muassasalar hovlisi, mahallalar, yo‘l va dala chetlariga ham daraxtlar ekiladi.
Mutaxassislarning tavsiyasiga asosan, hududlarda ekish uchun 27 turdagi daraxt ko‘chatlari taklif etilmoqda. Masalan, kashtan, oqqayin, eman, yapon saforasi, shumtol, qayrag‘och, pavloniya, terak, akatsiya, chinor, tut, jiyda, yong‘oq, behi, uzum, qrim qarag‘ayi va virgin archasi bizning mintaqamiz uchun mosdir. Bunda har bir viloyatning iqlimi va tuproq tarkibi inobatga olinadi. Qaysi nihol unib ketishiga jiddiy eʼtibor qaratildi.
Ko‘chatchilikni rivojlantirish, kam suv talab qiladigan daraxt navlarini ko‘paytirish choralari yuzasidan belgilangan ishlar qanchalik sifatli ado etilishi ham Davlat ekologiya qo‘mitasi masʼullarining zimmasida. Darvoqe, ekish uchun ekolog-ekspertlar tomonidan tavsiya etilgan 27 turdagi daraxt ko‘chatlarining qaysilari qaysi hududga mos kelishi olimlar xulosasi asosida har bir tumanning shart-sharoitini hisobga olgan holda tanlanadi.
Davlat ekologiya qo‘mitasining daraxt2020.uz elektron platformasi barcha viloyatlarda tashkil etilayotgan “Yashil makon” umummiliy loyihasini amalga oshirish shtabi bilan integratsiya qilinadi. Yaʼni, ekilayotgan daraxtlar hisobi onlayn tarzda yuritilib, shaffoflik taʼminlanadi. Bu platformadagi takomillashtirish ishlari nihoyasiga yetishi bilan undan istagan kishi foydalanishi, kiritilayotgan maʼlumotlar bilan uyida o‘tirib tanishishi mumkin bo‘ladi.
Kishini ajablantiradigan jihati shundaki, nega bu ishlar oldinroq bajarilmadi, aksincha ish teskarisiga ketib, ur-chop, keslar avjiga chiqdi, Prezident aytgandan so‘nggina hamma yugur-chop, ek qilib qoldi. Hali bunga bog‘liq maʼlumotlar to‘lig‘icha ochiqlanmadi ham.
O‘ylaymizki, masʼul tashkilotlar mazkur topshiriq ijrosini “qo‘ldan o‘tar, egasiga yetar” qilishmaydi. Aks holda o‘zlariga jabr, axir bu havodan bizdn so‘ng ham nafas olishlari kerak.
Mana siz o‘ylab ko‘ring, kelajakda farzandlaringiz, boringki, nevaralaringiz Xitoydagilar kabi toza havoni ham pulga sotib olishlarini tasavvur qila olasizmi? Haqiqat achchiq-da, biz hozir daraxtlarni kesib, “soqqa” qilaversak, shu taqdir kelajak avlod boshiga tushmaydimi?
Fikr qiling!!!
Zayniddin Norquvvatov