Navoiyda 16 yoshli qizni jinsiy qullikda saqlagan ayol qoʻlga olindi


Navoiy shahrida qizlarni jinsiy qullikda saqlab kelgan ayol aniqlandi. Bu haqda “Zamon” informatsion dasturida xabar qilindi.

Qayd etilishicha, Navoiy shahri Nizomiy koʻchasidagi koʻp qavatli uyda yashaydigan 1982 yilda tugʻilgan ayol oʻz xonadonida qizlarni saqlab, odam savdosi fohishalik va qoʻshmachilik jinoyatlarini sodir etib yurganligi aniqlangan.

Tezkor tadbir davomida qizlarning ikki nafarini 1 sutkaga har birini 1 million soʻmdan yaqin aloqada boʻlish uchun sotayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan qoʻlga olingan.

Dastlabki tergovga qadar tekshiruvlar natijasida qoʻshmachi ayol 2005 yilda tugʻilgan qizlardan birini voyaga yetmaganini yashirishi uchun mijozlariga 2000 yilda tugʻilgan deb aytib, bir yil davomida doimiy ravishda har bir mijoziga 1 million soʻmdan 2 million soʻmgacha sotib kelgan.

Qoʻshmachi ayolga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi koʻrilgan. “Operatsiya boʻlganimdan keyin hech qayerda ishlolmadim. Juda ham pushaymonman”, – deydi ayol.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 131-moddasi 4-qismi (voyaga yetmagan shaxsni jalb qilgan holda qoʻshmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib tergov harakatlari olib borilmoqda.