“Qunduz amakining singlisi”. Senat Raisi Tanzila Norboyevaga berilgan ushbu taʼrif qanchalar haqiqatga yaqin?

“Umuman olganda svet oʻchish, haligi zulmatda oʻtirib televizor koʻra olmaslik 5 yil oldingi tarix edi. Hozir bunaqangi tarix Xudoga shukur hammasi bartaraf qilindi”. Ushbu soʻzlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi Tanzila Norboyeva tomonidan Media Hollda boʻlib oʻtgan yigʻilishda butun omma oldida aytilgan edi.

Tanzila Norboyeva taʼkidlagan fikrlar aholi oʻrtasida katta bahslarga sabab boʻlgani, aksariyat senat raisi fikrini juda ogʻriqli qabul qilgani, buni xalqning ustidan kulish deya baholagani sir emas, albatta.

Biroq haqiqatning koʻchasiga kirishga ham ikkilanib turgan gaplarga qarsak nima sababdan chalinganligini anglay olmaymiz. Toʻgʻri, 5 yil ichida yaxshi oʻzgarishlar boʻldi. Ular haqida yaxshi voqealarni bogʻlab “bundan avval shunday edi” deb eslaydigan holatlarimiz koʻp. Biroq svet oʻchish masalasiga kelganda biz bu fikrlarni butunlay inkor etishga haqlimiz.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatida oddiy fuqaro va elektr xizmati xodimi oʻrtasida boʻlib oʻtgan munozara haqidagi vedio tarqalgan edi. Unda esa xodim svet oʻchish masalasida senatni qoʻshib gapirmasligini, senat elektr sohasini tushunmasligini, respublikada quvvat yetishmasligini, shuningdek, prezidentning oʻzi quvvat yetishmasligi haqida gapirib, nima uchun Jizzaxda atom elektr stansiyasini qurish kerak deyilayotganini aytib oʻtgan. Qiziq, senat elektr sohasini tushunmasa, shuncha gapni Tanzila Norboyeva qarsakbozlik uchun aytganmi?

Troll.uz telegram tarmogʻida “Qunduz amakining singlisi ham bormidi?” izohi ostida senat raisining yana oʻsha soʻzlari keltirilib oʻtilgan. Afsuski, Tanzila Norboyeva tomonidan aytilgan fikrlar toʻliq amal qilmayotgani yaxshigina maʼlum. Chekka qishloqlar, viloyatlarni gapirmay turaylik, hattoki poytaxda ham roʻy berayotgan elektr uzilish holatlariga nima deyish kerak? Nahotki mana shularni bilib turib ham koʻr-koʻrona yolgʻon gapirish mumkin? Bundan avvalroq, oʻtgan yilning dekabr oyida Norboyeva chiroq va gaz muammosini ham oʻrganib chiqishga vaʼda bergan edi. Lekin bu ham til bilan aytilgan-u, amalda natijasi boʻlmagan gap sifatida qolib ketdi.
Inson mansab kursisida qolish uchun bu darajada yolgʻon soʻzlashi nimaga kerak?

Ayni vaqtda ham mamlakatimizda chiroq oʻchgan hududlar mavjud. Qizigʻi, Tanzila opaning xuddi shu gapi aytilganidan soʻng respublikamizning koʻp hududida svet oʻchgan. Xuddiki mana koʻrib qoʻylaring, degandek. Bu esa aholining, xalqning shunchaki hafsalisi pir boʻlishiga, ishonchining yoʻqolishiga sabab boʻlishdan oʻzga narsa emas!

Laylo Esanmurodova