Yoshlar haqida fikringiz qanday? Bilaman, yoshlar soʻzini eshitiboq, gapirishga shaylandingiz. Yoshlar betarbiya, kitob oʻqimaydi, telefondan koʻz uzmaydi,hurmatni bilmaydi, hayronman, bu yoshlar qayoqqa qarab ketyapti?
Toʻgʻri topdim-a, dilingizdagi gaplarni.
Fikrimcha, yoshlar deganda maktab, kollej, universitetda oʻquvchilar nazarda tutilsa kerak. Mana men, oʻsha siz hech koʻnglingiz toʻlmayotgan, qayoqqa qarab ketayotganidan xavotirlanganingiz, shu guruhning bir aʼzosiman. Biz yoshlarning qayoqqa qarab ketayotganimizga qiziqish barobarida kattalarning qayergacha kelib qolgani bilan ham qiziqib koʻrdingizmi hech?
Madomiki, bizni andishasiz va axloqsiz sanar ekansiz, siz aziz kattalarga aytar soʻzlarimizni qogʻozga tushirdik-u, oʻylaymizki bular sizga malol kelmas…
Oʻzaro tushunmovchiliklaringizni deb, murgʻak goʻdakning qalbiga bitmas chandiq tushirgan, kimnidir otasiz, yana kimnidir onasiz ulgʻayishga majbur qilgan siz kattalarsiz!
Yoshlik qilipti-da, yoshlikda boʻlib turadi deb arzangiz aybini haspoʻshlagan,uni toʻgʻri yoʻlga yoʻnaltirish,aybiga iqror qilish oʻrniga hali yosh-da deb qoʻygan ham oʻzingiz!
Beshikda boyladingiz, maktabda chizib bergan hoshiyangizdan chetga chiqmadik endi nima kutyapsiz bizdan? Taʼlimni botirdingiz, isteʼdodimni adolatsiz tanlovlaringiz bilan soʻndirdingiz-da, yana yoshlar aybdor… Ular isteʼdodsiz!
Bizga taʼlim berishi kerak boʻlgan oʻqituvchilarga koʻcha supurtirib,
paxtaga, hasharga joʻnatgan biz oʻquvchi yoshlar emasdik!
Yuz minglarcha yoshlar ertangi kuniga ishonch bilan oʻqiyman, yaxshi kasb egasi boʻlaman deganda, testdan bir savolni koʻproq topish uchun tirsak chiritganda,savol javoblari bilan birga yoshlarning butun hayotini oʻgʻirlagan ham, kelajagini barbod qilgan ham ayni siz kattalar edingiz!
Universitetga kirishni kimoshdi savdosiga aylantirgan, pora evaziga choʻntagini qappaytirayotgan birorta kollej oʻquvchisini koʻribmidingiz?
Qoʻl ostidagilarni bolaxonador qilib soʻkinayotgan, birorta chiroyliroq yosh qizni «xizmat» qilishi uchun oʻziga yordamchi qilib olayotgan qarib quyilmaganlar oʻsmirlik yoshidami?
Aslida, bizniki boʻlishi kerak boʻlgan kursilarga jon-jahdi bilan chirmashgan, oʻziga nisbatan yoshroq, aqlliroq kadrni yoniga yoʻlatmayotganlar nechanchi yilda tugʻilgan ekan? Ustozingning aytganini qil, qilganini qilma, demoqqa shaylandingizmi? Ammo oʻsha qilganlaringizdan biz «unib» chiqqanimiz yodingizdan koʻtarilmasin.
Bilimga emas,choʻntagiga qarab shifokorlik diplomini olib bergan farzandingizning ishlaydigan shifoxonasidan uzoqroq yuribsiz.
Quruvchi boʻlsa, u qurgan imoratdan bir chaqirim masofada aylanib oʻtayapsiz.
Yuridik fanlari boʻyicha oʻqishni tamomlab, huquqshunos boʻlgan boʻlsa, qonunni ostin-ustun qilib, qanchadan qancha odamning shoʻrini quritganiga guvoh boʻlyabsiz.
Bordi-yu, oʻqituvchi boʻlgan boʻlsa, bizga ham oʻzi oʻrgangan «bilim»larni taqdim etyapti.
Yoshlarni axloqsizlikda ayblabmidingiz? Aytingchi, ekranlarda xiyonat, faxsh mavzusi toʻlib yotgan seriallar, yengil- yelpi koʻrsatuvlar bilan miyamizni toʻldirib tashlayotgan,ammo maʼrifat koʻrsatuvlarida odob-axloqdan, halol-u xaromdan vaʼz oʻqiyotgan, bu ham yetmaganday yoshlar tarbiyasidan noliyotganlar kimlar?
«TIK-TOK» degan balo keldi-yu, hamma shuning domiga tushdi, yoshlar bemazaliklardan boʻshamay qoldi, deyishdan oldin shu yoshlar bilan birga «TIK-TOK» uchun video olgan hamda ularni ragʻbatlantirgan kattalarni eslang…
Eslang, eslang, eslang …
Siz ertamiz egalarisiz, shuning uchun achchiq gapiramiz, toʻgʻri yoʻlga boshlaymiz demoqchimisiz?Ertangiz egalari biz boʻlsak, siz bizning bugunimiz edingiz. Yashayotgan kuningizni qutqarishga qurbi yetmagan — siz, ertangi kunni biz qanday qutqaraylik?
Men va men kabi yoshlarda bunday savollar bisyor…Bu gaplarni balki bir yoshning betgachoparligiga, hurmatni bilmasligiga yoyarsiz, xohish oʻzingizda!
Aslida biz bir yangi avlod,oppoq qogʻoz edik. Bu qogʻozni siz boʻyadingiz, oʻz uslubingiz bilan toʻldirdingiz. Biz sizni koʻrdik, sizdan ibrat oldik, aybimiz shumi? Oʻzi aslida muammo kimda?
Biz yoshlardami yoki siz kattalarda?!