Oʻzbekistondagi 10 ta eng yirik soliq toʻlovchi maʼlum qilindi

Moliya vazirligi “Fuqarolar uchun byudjet 2022” loyihasini taqdim etdi. Unda Oʻzbekistondagi 10 ta eng yirik soliq toʻlovchi keltirilgan.

Qayd etilishicha, byudjet daromadlari koʻp jihatdan yirik soliq toʻlovchi korxonalar iqtisodiy holatiga bogʻliq boʻladi. Quyidagi kompaniyalar 2022 yilda davlat byudjeti tushumlarining 36,4 foizini taʼminlashi kutilmoqda:

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” — 17,82 foiz;

“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” — 9,4 foiz;

“Oʻztransgaz”— 1,89 foiz;

“Oʻzbekneftgaz” — 1,7 foiz;

Uzbat — 1,5;

“Hududgaztaʼminot” — 1,26 foiz:

Uz-Kor Gas Chemical — 0,78 foiz;

“Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” — 0,76 foiz;

UzAuto Motors — 0,73 foiz;

“Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” — 0,6 foiz.

Spotʼning qayd etishicha, avvalgi yil bilan solishtirganda yirik soliq toʻlovchilarning soliq tushumlaridagi ulushi kamaydi. Taqqoslash uchun, 2020 yilda 10 ta eng yirik soliq toʻlovchi 2021 yilgi davlat byudjeti tushumlarining 47,3 foizini taʼminlashi prognoz qilingan.

Aksariyat kompaniyalar ulushi ham kamaygan. Xususan, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” ulushi 2,28 foizga, “Oʻzbekneftgaz”niki uch baravar, UzAuto Motorsʼniki ikki baravar kamaygan. Yirik soliq toʻlovchi top-10 taligidan “Lukoyl”, “Oʻzbekenergo”, Beeline va Ucell oʻrin olmagan.

Boshqa tomondan, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati”, “Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” va Uz-Kor Gas Chemical ulushi ortgan. Shuningdek, roʻyxatda oʻtgan yili hatto eng yirik 20 ta soliq toʻlovchilar qatoridan oʻrin olmagan “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” joy oldi.