Ayb faqat fuqarolarda emas, mantiqsiz qonunlarga ham bir qarab qoʻyaylik

Ichki ishlar organlari xodimlarining ustiga mashinasini haydagan chiroqchilik fuqaro haqida YHXBB eʼlon qilgan videodan maʼlum boʻladiki, 23 yoshli haydovchi oʻz Lasettisining old yon oynalari ruxsatsiz tonirovka qilingani uchun qoʻrqqanidan eshiklarini yopib olgan va keyin odamlarning gijgijlashi sabab mashinani xodimlar ustiga haydagan.

Ha, shubhasiz yigit 2 karra qonunni buzdi. Ham ruxsatsiz tonirovka, ham hokimiyat vakiliga boʻysunmaslik. Boshqalarga dars boʻlishi uchun ham jazoga tortilishi deyarli aniq. Biz ham bu kabi holatlarni qoralaymiz va fuqarolardan qonunga itoatkorlikni, odamlar hayotiga bu kabi xavf solmaslikni, hokimiyat va organ vakillarining qonuniy talablariga rioya qilishni soʻrab qolamiz (masalan, AQShda agar haydovchi politsiya ustiga mashina haydaganda, ogohlantirmasdan oʻqqa tutishgan boʻlardi, yaxshiyam bizda unaqamas).

Ammo keling, oqibatlar haqida emas, sabablar haqida gaplashib koʻramiz.

Xoʻsh, oʻsha Lasetti haydovchisi nega bunchalik qoʻrqib ketdi? Masalan, oddiy kamar taqmaganida yoki sugʻurtasi boʻlmaganda bunchalikka bormasdiku, toʻgʻrimi?

 Javob: chunki Oʻzbekistonda ruxsatsiz tonirovka oʻrnatganlarga oʻta yuqori jarima qoʻllanadi. Hatto qizil chiroqda oʻtgan yoki 70 km/soat belgilangan joyda 180 tezlikda yurgan qoidabuzarlarga ham bunchalik jazo yoʻq.

Endi oʻzingiz oʻylang, jamiyat uchun qaysi biri koʻproq xavf keltiradi? Tonirovka shunchalik katta xavf ekan, unda nega pul toʻlasa mumkin? Pul toʻlaganlar jamiyat uchun xavfsizu, lekin toʻlamaganlar uchiga chiqqan muttahammi?

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda yoʻl harakati qoidalariga oid faqat 2 tagina qilmish uchun eng yuqori 40 «minimal», yaʼni 10 mln 800 ming soʻm jarima belgilangan. Bundan katta jarima yoʻq. Bular:

1) transportni boshqarish huquqi boʻlmagan shaxs mast holda mashina haydasa;

2) tonirovkani takroran ruxsatsiz oʻrnatsa.

Ilk marta ruxsatsiz tonirovka bilan tushsa 6 mln 750 ming soʻm jarima qoʻllanadi, bu mast holda mashina haydaganning jarimasi bilan bir xil.

Shu oʻrinda boshqa savol ham tugʻiladi. Xoʻp, bu quloqsiz va madaniyatsiz haydovchilar tonirovkani tegishli ruxsat bilan oʻrnatsa boʻlmaydimi? Nega ular tonirovka uchun qonunni buzadi? Qonunlarga hurmat qani?

Yaxshi va mantiqli savol, albatta. Keling, endi shu joyda yana oqibat haqida emas, sabablar haqida chuqurroq oʻylab koʻramiz.

Nega haydovchilar tonirovkani ruxsatsiz oʻrnatadi?

Javob: chunki tonirovka narxi mantiqsiz darajada oʻta qimmat.

Masalan, oʻsha chiroqchilik yigit Lasettisining old yon oynasini tonirovka qilish uchun naq 13 mln 500 ming soʻm toʻlashi kerak edi. Orqa yon oynalar uchun esa 1 mln 350 ming soʻm.

Oddiy soya uchun bunchalar baland narx belgilagandan keyin, aksariyat haydovchilar ruxsatsiz oʻrnatishga harakat qilishi tabiiy. Mayli, kimdir zaruriyat uchun, kimdir maqtanish uchun qilar, ammo fakt shuki, mantiqsiz qonunlarning oʻzi fuqarolarni qoida buzishga provokatsiya qiladi. Masalan, soliqlar qanchalik baland boʻlsa, hamma soliqdan qochib, yashirin bozorga oʻtib ketganidek.

Endi sizda boshqa savol tugʻilishi mumkin. Xoʻsh, nima uchun oʻzi narx va jarima bunchalar baland hamda haligacha pasaytirilmayapti?

Oh, bu ham juda bir joyida berilgan oʻrinli savol boʻldi. rahmat sizga. Keling, yana oqibatlarni emas, sabablarni koʻrib chiqamiz.

Nima uchun haligacha tonirovka oʻrnatish narxi va jarimasi kamaytirilmayapti?

Javob: chunki bundan Ichki ishlar vazirligi manfaatdor, ular har yili bir necha yuz milliard soʻm bundan daromad oladi. Shu sababli haligacha narx va jarimani tushirish varianti koʻrib chiqilmayapti. Avval ham bu haqida yozgan edim. Ushbu pullarning bir tiyini ham respublika byudjetiga oʻtkazilmaydi, buning barchasi IIVning maxsus jamgʻarmasiga borib tushadi.

2019 yil avgustdan 2020 yil yakuniga qadar Ichki ishlar vazirligiga tonirovka oʻrnatishdan jami 302 mlrd 635 mln soʻm (salkam 29 mln dollar) pul tushgan. 2021 yilda bu raqam yanada kattalashgani aniq.

Xoʻsh, yoʻq joydan shuncha pul tushib tursa, kim ham bunaqa tilla tuxum tugʻadigan gʻozni berib qoʻygisi kelardi?

Koʻryapsizmi, barchasi bir-biriga chambarchas bogʻliq. Ayb faqat fuqarolarda emas, mantiqsiz qonunlarga ham bir qarab qoʻyaylik. IMHO.

Xushnudbek Xudoyberdiyev