Taniqli dublyaj ustasi Sanjar Sa’dullayev vafot etdi

Ko‘plab teletomoshabinlar mehrini qozona olgan dublyaj artisti, ajoyib ovoz sohibi Sanjar Sa’dullayev vafot etdi.

Aktyor 1954 yilning 10 iyul sanasida Toshkent shahrida tug‘ilgan.
Toshkent Davlat teatr va san’at institutining drama va kino aktyorligi bo‘limida tahsil olgan.
Sanjar Sa’dullayev bugungi kunda o‘zbek dublyaj san’atining eng taniqli va eng reytingi baland aktyorlaridan hisoblanardi.
Marhumni ko‘pchilik muxlislar sirli aktyor deya ta’riflashadi. Aslida ham S. Sa’dullayev boshqa ko‘plab san’at vakillaridan farqli o‘laroq, o‘zini ommadan uzoq tutishga harakat qiladi, kameralar qarshisiga chiqish va intervyular berishni istamagan.

Sanjar Sa’dullayev bugunga qadar 1000 dan ortiq filmlarga ovoz bergan. Jumladan “Qashqirlar makoni” (Po‘lat Olamdor), “Qish sonatasi” (Jun Sang), “Ichkarida” (Komissar Yusuf, Sarp, Hasan qizil yanoq), “Esmeralda” (Xose Armando), “So‘yla, Qoradengiz” (Vedad) kabi yuzlab seriallar va badiiy filmlardagi bosh qahramonlar obrazini gavdalantirgan.
Qolaversa, marhum dublyaj ustasi hind filmlarida bollivud qiroli Shohruh Xonga doimiy ravishda ovoz bergan.
Muxlislar aktyorni nafaqat filmlar dublyajidagi ovozi balki, ajoyib monolog va she’rlar o‘qishi orqali ham yaxshi bilishadi.
S. Sa’dullayev faoliyati davomida bir muddat “Yoshlar” telekanalida ham rejissyor sifatida faoliyat yuritgan.