Bolani tayoqsiz tarbiyalab boʻlmaydimi?

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, 18 yoshgacha bo‘lgan odamlarga nisbatan ota-onalar yoki boshqa vasiylari, tengdoshlari yoki begonalar tomonidan qilinadigan zo‘ravonlikning barcha turlarini o‘z ichiga oladi.

Dunyo bo‘yicha o‘tgan yili 2-17 yoshgacha bo‘lgan 1 milliardgacha bolalar jismoniy, jinsiy yoki ruxiy zo‘ravonlikka uchragan yoki e’tiborsiz qoldirilgan.
O‘zbekistonda esa 182 ta bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi hodisalari yuz bergan.

Masalan, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda
Toshkent shahrida joylashgan 21-sonli Mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan bola tarbiyachi tomonidan kaltaklangani keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Yanvar oyida Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga Mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan A. ismli bolaga B. ismli erkak tarbiyachisi kuch ishlatib, jismoniy tazyiq o‘tkazayotgani haqida ma’lumot kelib tushgan. Bola huquqlari bo‘yicha vakil ushbu holat yuzasidan o‘rganish o‘tkazgan.

Tarbiyalanuvchi A. bilan suhbat o‘tkazilganda yuqoridagi holatlarni tasdiqlagan. Uning o‘ng tirsak sohasi lat yeb, ko‘kargani ma’lum bo‘lgan.

Bolaning so‘zlariga ko‘ra, navbatchi tarbiyachi yuqoridagi holat bo‘lishidan oldin ham bir necha marotaba uning tanasining turli joylariga urib tan jarohati yetkazgan. Biroq u qo‘rquv ostida ushbu holatlar haqida hech kimga murojaat qilmagan.

Monitoring jarayonida tarbiyalanuvchining tanasi shifokorlar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Natijada bolaning tanasida ko‘kargan yaralar borligi, bosh qismida ham og‘riq mavjudligi aniqlangan.

Tarbiyalanuvchi A. navbatchi hamshiraning oldiga tushib, o‘ng qo‘lining lat yeb, ko‘kargan tirsak qismiga surtma dori surdirganlik holati «Ambulator jurnali»da qayd etilmagani ma’lum bo‘lgan.

Bundan oldinroq bog‘cha tarbiyachisining bolaga bo‘lgan qo‘pol munosabati borasidagi videolavha tarqalganini eslang. Unda tarbiyachi bolalardan birini jahl bilan devorga itarib yuborgani va bola zarbdan yiqilganini ko‘rish mumkin. Surxondaryo, Navoiy viloyatlaridagi maktabgacha ta’lim muassalari tarbiyachilari bolalarga qo‘l ko‘targani haqida bir necha marotaba yeshitganmiz.

Yeng achinarlisi, bola o‘z ota-onasi, yaqin qarindoshlari tomonidan haqoratlanish, kaltaklanishi holatlariga ham duch kelamiz.

Albatta, bola ayb ish qilsa, unga bir shapaloq urgan osonroq. Ammo bu tarbiya usuli emasligini unutmaslik kerak. Urish- tarbiya usuli emas, bu ZO‘RAVONLIKdir! Bunday usul bilan muvaffaqiyatli, mehribon insonni tarbiyalab bo‘lmaydi. Jismoniy jazo yetuk shaxsni shakllantirishga to‘sqinlik qiladi…

Shuni unutmangki, bolalik davrida o‘tkazilgan zo‘ravonlik butun hayot davomida sog‘liq va farovonlikka ta’sir qiladi.

Shaxruza Sattorova