Farg‘ona viloyatida bankdan olingan qarzi evaziga garov mulki sifatida ko‘rsatilgan, yo‘qolib qolgan CAPTIVA avtomashinasi topilib, 91 mln qarz to‘liq qoplandi. Bu haqda MIB axborot xizmati ma’lum qildi.
Byuroning Qo‘qon shaxar bo‘limi tomonidan Fuqarolik ishlar bo‘yicha O‘zbekiston tumanlararo sudining 04.09.2021 yil kungi qaroriga asosan qarzdor Yu.D.dan undiruvchi “Hamkorbank” ATB Qo‘qon filiali foydasiga 91.000.000 so‘m qarz undirish hujjati bo‘yicha qarzdor ogoxlantirilgan bo‘lishiga qaramasdan bank oldidagi qarzini to‘lashni xoxlamagan.
Davlat ijrochisi tomonidan 05.01.2022 yil kuni garov mulki bo‘lgan Yu.D.ga tegishli bo‘lgan “CAPTIVA” rusumli avtotransport vositasiga qidiruv e’lon qilingan.
Boshqarmaning qidiruv shoʻbasi tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv harakatlar davomida 18.04.2022 yil kuni “CAPTIVA” avtotransport vositasi Dang‘ara tumani, Bo‘riqum MFY xududan topilib davlat ijrochisiga topshirildi.
“CAPTIVA” avtotransport vositasini jarima maydonchasiga olib ketish jarayonida qarzdor Yu.D. bank oldidagi 91.000.000 so‘m qarzini to‘liq to‘ladi va ijro ishi tamomlandi.