Andijonda hokim yordamchisi o‘z xonadonida osilgan holda topildi

Andijon viloyati Marhamat tumanida sobiq hokim yordamchisi o‘z xonadonining molxonasida osilgan holda topilgani bo‘yicha xabarlar тарқалди. Ogoh.uz holatga oydinlik kiritish maqsadida Bosh prokuratura matbuot kotibi rahbari Hayot Shamsuddinov bilan bog‘landi.

«Marhamat tuman prokuraturasi tomonidan 16 aprel kuni soat 16:15 da 1984 yilda tug‘ilgan Marhamat tumani Sho‘rqaqir MFY Davlatobod ko‘chasida yashagan M. F.ning yashash xonadonidagi molxonaning to‘siniga arqondan sirtmoq yasab, unga o‘zini-o‘zi osib vafot etgani holati yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda», — deya ta’kidladi Shamsutdinov biz bilan suhbatda.

Ma’lum qilinishicha, tekshiruv davomida fuqaro M.F.ga nisbatan biron shaxs tomonidan muttasil ravishda tazyiq o‘tkazish, haqorat qilish va boshqa noqonuniy harakatlar sodir etilmaganligi ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, sud-tibbiy ekspertizasining 2022 yil 5 maydagi 171-sonli xulosasida M.F.ning o‘limiga osilishi tufayli bo‘yin sohasi a’zolarini sirtmoq bilan qisilishi natijasida kelib chiqqan mexanik asfiksiya, bo‘yin sohasidagi keng, ochiq strangulyasion egat mavjudligi, bo‘yin yumshoq to‘qimalariga qon quyilishi, o‘pkani viseral plevra varaqlari va yurakni epikard ostiga qon quyilishlari (Tard’ye dog‘lari), o‘tkir holda yurak qon tomir va nafas yetishmovchiligi sabab bo‘lganligi ko‘rsatilgan.

Marhum 2022 yil 11 yanvardan 2022 yil 1 aprelga qadarli Polvontosh MFYning tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi lavozimida ishlagan.

Holat yuzasidan bir qator fuqarolar dan tushuntirish xatlari olingan. Hozirda tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv davom ettirilmoqda. Natijasi haqida qo‘shimcha ravishda axborot taqdim etilishi ta’minlanadi.