O‘zJOKU talabasi rektorga salom bermagani uchun kaltaklangani aytilmoqda

O‘zJOKU talabasi rektorga salom bermagani uchun kaltaklangani aytilmoqda. Bu haqda RakursUz ma’lum qildi.

Yozilishicha, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universitetida rektorga salom bermagani uchun talabani kaltaklashgan. Aytishlaricha, zo‘ravonlarning orasida Umid Faxriddinovich ismli prorektor ham bo‘lgan.

Bu xabar talabalar orasida va ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum bo‘lganidan so‘ng, talabalar ta’lim muassasasining telegramdagi «Talaba murojaati» nomli guruhida ma’muriyatga norozilik ruhida turli xil gaplarni yozishgan, xodimlar esa bu yozishmalarni o‘chirib tashlashgan, shuningdek, jabrlanuvchining akkauntini bloklab, guruhga qo‘shilishini cheklab qo‘yishgan.

Bundan tashqari, xodimlardan biri talabalarga qarata guruhda haqoratomuz gaplarni aytganliklari va rahbariyatdan norozi bo‘lganliklari uchun talabalar safidan chetlatilishlarini aytgan, biroq bu xabar ham ko‘p o‘tmay o‘chirib tashlangan.

Keyinchalik esa, guruhga barcha talabalarning yozishi taqiqlab qo‘yilgani aytilmoqda.

Oradan biroz vaqt o‘tgach rektor Sherzodxon Qudratxo‘ja vaziyatdan xabar topgan va vaziyatga oydinlik kiritilishi ma’lum qilingan.