Ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutiga Yaponiya dastgohlari keltirilmoqda

«O‘zbekipaksanoat» uyushmasi raisining bosh maslahatchisi Olimjon Jumayev JICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Miyazaki Suguru bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida bitimni imzolashgandi.
Bitimga ko‘ra, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishga mo‘ljallagan va qiymati 145 ming AQSH dollari bo‘lgan yapon dastgohlari JICA tomonidan O‘zbekistonga keltirilishi va Ipakchilik ITIga o‘rnatilishi lozim edi.

Sentyabr oyi boshida ushbu dastgohlar (gomogenizator, dozator, mikrodozator, syentrifuga trubkalari, zararkunandalar saqlanadigan kameralar va turli ozuqa kukunlari)ning dastlabki partiyasi Yaponiyadan keltirildi.

Endilikda ushbu dastgohlardan ilmiy-tadqiqot ishlarida foydalaniladi. 2022 yil 15 sentyabrda O.S.Jumayev JICA vakillari va yapon professorlarini qabul qilib, pillachilikda turli zararkunanda xasharotlar va kasalliklarga qarshi kurashda o‘zaro hamkorlikda tadqiqotlar olib borish hamda birgalikda ishlash borasida aniq bajariladigan vazifalarni kelishib oldi.

Endilikda O‘zbekiston pillachilik tarmog‘ida yapon ekspertlari va olimlari ham o‘rganish hamda tadqiqot ishlarini olib boradilar.