Urgutda 4 yoshli bola quduqqa tushib ketib, vafot etdi

Samarqand viloyatining Urgut tumanida 4 yoshli bola quduq ichiga tushib ketib, vafot etdi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 26 sentyabr kuni Urgut tumani prokuraturasiga ushbu tumanda yashovchi fuqaro ariza bilan murojaat qilib, 25 sentyabr kuni soat 16:00 larda Urgut tumanining “Beshkapa” MFY hududida joylashgan to‘yxonaga 2018 yilda tug‘ilgan nabirasi bilan borganligini va biroz vaqtdan so‘ng qizcha yo‘qolib qolganini bayon qilib, uni topishda amaliy yordam so‘ragan.

Arizaga asosan, viloyat prokuraturasi, viloyat IIB, tuman huquqni muhofaza qiluvchi organlari, jamoatchilik vakillari va OAV ishtirokida keng ko‘lamli qidiruv tadbirlari amalga oshirildi.

Olib borilgan qidiruv tadbirlari natijasida 30 sentyabr kuni mazkur mahalladagi, xuddi o‘sha to‘yxona atrofida bo‘lgan ichimlik suvi qazib olishga mo‘ljallangan 8 metrli quduq ichidan bolaning jasadi topilgan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.