Yangi xalqaro mehmonxona brendi endi Toshkentda


Bugun, 7-oktabr kuni “Roadside by horrot” mehmonxonasida “Valor Hospitality Partners” mehmonxona boshqaruv kompaniyasi bilan “Deutsche Hospitality” kompaniyalari hamkorligida “IntercityHotel Tashkent” yangi xalqaro mehmonxona brendi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Taqdimot Turizm va madaniy meros vazirligi ko‘magida tashkil etildi.
Tadbirda Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi direktori Sulton Xonbabayev, “Valor Hospitality Partners” ta’sischisi va boshqaruv hamkori Julien Bergue, “Deutsche Hospitality” vitse-prezidenti Zigfrid Niyerhaus, Hotel Pro kompaniyasi asoschisi Dilshod Odilov, turizm sohasi mutaxassislari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.


Tadbirda so‘zga chiqqan S. Xonbabayev Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov nomidan tashkilotchilarga joylashtirish vositalarini tashkil etish va yangi ish o‘rinlari yaratishdagi hissasi uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, ayni damda O‘zbekistonda mehmonxonalar soni oshib borayotganini alohida ta’kidladi.


“Ayni damda yurtimizga xorijlik sayyohlar oqimi tobora ko‘paymoqda. Bu esa o‘z navbatida mehmonxonalar sonini yanada oshirishni talab qiladi. Shuning uchun ham turizmning boshqa sohalari singari mehmonxonalar sonini ko‘paytirishga ham katta e’tibor qaratilyapti, – dedi u. – “IntercityHotel Tashkent” brendining O‘zbekistonga kirib kelishi esa, albatta, quvonarli hodisa. Negaki, ushbu brend zamonaviy mehmonxona talablariga to‘liq javob bera oladi”.
“Deutsche Hospitality” vitse-prezidenti Zigfrid Niyerhaus esa hamkorlik uchun nega aynan Toshkent tanlanganini aytib o‘tdi.


“Ko‘p davlatlarni o‘rgandik. Har xil omillarni tahlil qildik va amin bo‘ldikki, O‘zbekiston, Toshkent mehmonxona ochish uchun eng ishonchli hamkor va eng qulay joy ekan. Toshkentdagi sharoitlar, bugungi rivojlanish menga juda yoqdi. Buning uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevga hamda Turizm va madaniy meros vazirligiga minnatdorlik bildiraman. Chunki mamlakatingizdagi taraqqiyot bu yerda mehmonxona ochayotganimiz uchun biz uchun ham juda muhim”, – dedi vitse-prezident.


Tadbirda so‘zga chiqqan “Valor Hospitality Partners” ta’sischisi va boshqaruv hamkori Julien Bergue mehmonxona qurishdan oldin Toshkentni o‘rganib chiqqanini ta’kidladi.


“Ikki yil oldin O‘zbekiston aeroportidagi kutish holatlari meni biroz ranjitgandi. Bugun esa bu kabi muammolar bartaraf etilganining guvohi bo‘ldim. Bunda esa, albatta, Turizm va madaniy meros vazirligining o‘rni katta, – dedi Bergue. – Mehmonxona ochishdan oldin Toshkentni aylanib chiqdim. Shahar aholisining muomalasi, xatti-harakatlari, yashash tarzi menga juda yoqdi. Toshkent go‘zal shahar, uning go‘zalligi esa mehridaryo, bag’rikeng odamlaridir. Toshkentdan tashqari Buxoro, Samarqand, Farg‘ona viloyatlarida turizm sohasidagi yangiliklarni ham o‘rgandim va mehmonxona qurish uchun yaxshi joy tanlaganimga yana bir bor amin bo‘ldim. Ayni damda Buxoroda ham yangi mehmonxonalar quryapmiz. Bilasizmi, O‘zbekiston bilan to‘liq tanishib olganimdan keyin do‘stlarimga, xorijdagi yaqinlarimga, albatta, bu mamlakatga kelishlarini tavsiya qilyapman”.


Julien Bergue mehmonxona sohasida 20 yildan ortiq tajribasi bor va 40 dan ortiq mehmonxona qurgan mutaxassis sifatida bu galgi loyihasi ham o‘zini oqlashini va Yangi O‘zbekistonning bir bo‘lagiga aylanishiga umid qilishini aytib o‘tdi.


Qayd etish kerakki, “IntercityHotel Tashkent” mehmonxonasi Toshkent shahrining Mirobod tumanida joylashgan bo‘lib, 2023-yilning 1-choragida ochilishi rejalashtirilgan. Mehmonxona zamonaviy interyerga ega 122 ta nomer, biznes tadbirlar yoki forumlarga mo‘ljallangan konferensiya zali, basseyn, sport zali va boshqa xizmat turlarini qamrab oladi. Shu bilan birga, mehmonxonada 160 ga yaqin yangi ish o‘rni tashkil qilinadi.


Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-maydagi 433-son qarori bilan tasdiqlangan “Investorlarga yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash uchun subsidiya ajratish hamda tashkilotlarni franchayzing to‘g‘risidagi shartnoma asosida qisman moliyalashtirish uchun davlat byudjetidan mablag‘ ajratish tartibi haqidagi Nizom”ga muvofiq taniqli va nufuzli mehmonxona brendlaridan foydalanish va mazkur brendlar tomonidan mehmonxonalarni boshqarish bo‘yicha franchayzing to‘g‘risida shartnomalar tuzilgan taqdirda mazkur xarajatlar davlat tomonidan qisman moliyalashtiriladi.