2022 yil 13 oktyabr kuni soat 08:10 larda Samarqand shahridagi Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida ikkita avtobus haydovchisining o‘zaro janjali ayanchli yakun topdi. Bu haqda Samarqand viloyati IIB Matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, haydovchilardan biri ikkinchi haydovchi boshqarib kelayotgan avtobusning eshigiga osilgan.
Haydovchi esa avtobusni to‘xtatmasdan, aksincha tezlikni oshirgan. Shu paytda avtobus eshigiga osilib kelayotgan haydovchi tushib ketgan. Harakatlanayotgan avtobus uni bosib o‘tib, voqea joyidan ketib qolgan.
Oqibatda, birinchi avtobus haydovchisi og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etgan.
Qayd etilishicha, hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.