Poytaxt aeroportidan salkam 800 gr tilla taqinchoqlarni olib o‘tish rejasi ish bermadi

Davlat bojxona qoʻmitasining “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari poytaxtimiz aeroportida tilla taqinchoqlarni yashirincha olib kirishning gʻayrioddiy usulni fosh qilishdi.
“Instanbul-Toshkent” reysi boʻyicha parvozini yakunlagan yoʻlovchilardan biri bojxonadan “yashil” yoʻlak orqali harakatlanar ekan, uning bezovtalanishi bojxona xodimlarining diqqatini tortdi.
Shundan soʻng, unga tegishli bagaj belgilangan nazorat-rentgen uskunasi orqali koʻzdan kechirilganda, bagajdagi sharbat tayyorlash qurilmasining tasviri ekranda shubhali aks etdi.
Qarangki, qurilmaning temir asosli tag qismi maxsus uskuna yordamida kesib ochib koʻrilganida, uning ichiga jami 799 gr. ogʻirlikdagi qimmatbaho tilla taqinchoqlar yashirilganligi fosh boʻldi.
Shu tariqa qonunbuzar shaxsning bojxona xodimlarining koʻzini shamgʻalat qilib, qiymati 320 mln. soʻmlik zargarlik buyumlarini olib kirish rejasi naf bermadi.
Toshkent xalqaro aeroportida aniqlangan navbatdagi holatda Istanbulga parvozi oldidan yana bir yoʻlovchining qingʻir qilmishi fosh qilindi.
Bojxonadan yashil yoʻlak orqali harakatlangan ushbu shaxs choʻntagidagi 1 dona tilla soatni bojxona nazoratiga taqdim qilmagan holda olib chiqayotgan vaqtida toʻxtatib qolindi. Qarang-ki, tilla soatning ichiga 1 dona tilla quyma boʻlagi ham yashirilgan ekan.
Mazkur tilla soat va tilla quymaning umumiy ogʻirligi 133.4 gr.ni, qiymati esa 25 mln. soʻmni tashkil qilmoqda.
Taʼkidlash joizki, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan aniqlangan 156 ta qonunbuzarlik holatlarida qiymati 5,7 mlrd. soʻmlik salkam 30 kg. ogʻirlikdagi tilla va zargarlik buyumlarining noqonuniy olib oʻtilishiga chek qoʻyilgan.

Leave a comment

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan