Biz – xatolaridan xulosa chiqarmaydigan odamlarmiz

Аvtohalokatlar kundan-kunga ko‘paymoqda. Yosh-yosh yigitlar, oila boshliqlari, o‘g‘lonlar, mashina minmagan piyodalar – maktab o‘quvchilari, keksalar, homilador ayollar avtohalokat tufayli o‘lib ketmoqda.

Men esa xalqimizning yangi qirralarini kashf qilayapman. Bizning millat hech qachon xatosidan xulosa chiqarmaydigan, bezbet. Xatolardan xulosa chiqarmaslik – bu fojia. Odam xatosidan xulosa chiqarmasligi bu hech qachon o‘nglanmasligidan darak beradi. Demak, biz mashina haydash borasida o‘nglanmaymiz. Bunday mashina haydashimiz orqali yana qanchadan qancha odamning boshini yeymiz, o‘zimiznikini ham.

Bu men bilan hech qachon sodir bo‘lmaydi deb o‘ylashimiz bizning eng katta tubanligimiz. Bundan olti oylar oldin avtohalokat sodir bo‘lganini o‘qibmi eshitibmi «men bilan bunday bo‘lmaydi», deb o‘ylagan haydovchi o‘tgan kuni o‘zi avariya sodir etgan bo‘lishi mumkin.

Xatolaridan xulosa chiqarmaydiganlar hech qachon XАTOLАRIDАN qutulmaydigan odamlardir.

Haydovchilar shu darajada toqatsiz, shu darajada shoshqaloqki bu muhitda YaXShI HАYDOVChI bo‘lishning imkoni yo‘q. Shu qadar bosim ustida o‘tirishingiz kerakki bilmaysiz qaysi mashina qaerda sizni qisib o‘tib ketishini, qaerdan oldingizdan chiqib qolishi, qaerda oldindagi mashina ketayotgan joyida taqqa to‘xtab yo‘lovchi olishi yoki tushirishini. Siz ana shu noqulayliklarga tayyor turishingiz, bostirib kelayotgan katta tezlikdagi katta mashinaga chap berishingiz, chap berayotganda oldingizdagi yoki yoningizdagi mashinaga urilib ketmaslikni ham eplashingiz kerak. O‘zbekistonda boshqacha haydab bo‘lmaydi mashinani, O‘zbekistonda tartibli haydovchi bo‘lishning umuman iloji yo‘q. Chunki MАDАNIYaT yo‘q…

Yo‘llarni nosozlikda ayblaymiz, tekis yo‘lda battar quturasiz… Yo‘l tekis bo‘lgani uchun undan ham battar gazni bosayotgan haydovchilarni ko‘rib shu taʼmirsiz yo‘l bo‘lgani yaxshi, odamlar sekin haydaydi har holda deb o‘ylab qolasan odam. Bu men bilan hech qachon sodir bo‘lmaydi deb o‘ylaysiz, unutmang, kecha, bugun, o‘tgan kuni yo‘l harakatidan vafot etgan odamlar ham xuddi shunday o‘ylagan. Saraton kasalligi, kovid ham bu qadar, yo‘ldagi falokatlarday qo‘rqinchli bo‘lmay qoldi ochig‘i. Jonini, umrini, hayotini qadrlamaydigan tavakkalchi, shoshqaloq ekanmiz. Essiz bizga berilgan umr…

Barno Sultonova

Leave a comment

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan