Ijtimoiy tarmoqlarda “Guandjo klinikasining sirini fosh qilishibdi” deb nomlangan video tarqalmoqda. Ularda aytilishicha, mazkur klinika O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan va arzon narxdagi dori vositalarini o‘zlarining maxsus idishlariga solib qimmat narxda bemorlarga pullab kelgan.
Holat yuzasidan Toshkent shahri IIBB izoh berdi.
Ma’lum qilinishicha, klinika mansabdor shaxslariga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va Tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
«GUANGZHOU MEDICAL of CHINA» MCHJ mansabdor shaxslari va xodimlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi 2-qismi «b» bandi (“Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, shuningdek, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizasiya qilish”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi doirasida mazkur klinikaning Toshkent shahridagi va boshqa viloyatlardagi filiallarida tekshiruv o‘tkazilgan. Hozirda Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda», deyiladi IIBB ma’lumotida.