Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev rasman «mustaqil Qozog‘istonning asoschisi»ga aylanadi. Bu haqda «Sputnik» xabar berdi.
Qaror mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev topshirig‘iga binoan hozirda Konstitusiyaga o‘zgartirishlar kiritish ustida ishlayotgan ishchi guruh tomonidan qabul qilingan. Shundan so‘ng Nazarboyevning yangi maqomi mamlakatning yangilangan Konstitusiyasidan joy oladi. Bu haqda ishchi guruh a’zolaridan biri, yuridik fanlar doktori Yermek Abdrasulov ma’lum qilgan.
«Chunki siz ko‘rgan mavjud ob’yektiv faktlarni butun dunyo ko‘rib turibdi, bu Konstitusiyamizda mustahkamlab qo‘yiladi», —degan Abdrasulov.
Eslatib o‘tamiz, ayni damda mamlakatda «Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi to‘g‘risida»gi Konstitusiyaviy qonun mavjud. Hujjatda belgilangan ta’riflarga ko‘ra, Elboshi Qozog‘istonning yangi mustaqil davlatining asoschisi bo‘lib, uning birligini, Konstitusiyasini, inson va fuqaro huquq va erkinliklarini himoya qilishni ta’minlaydi.