Qonun (O‘RQ–767-son, 05.05.2022 y.) bilan Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi.
Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, vaqtinchalik soliq imtiyozlariga, Prezident yoki Hukumat qarorlarida yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i hamda yuridik shaxslarning yer solig‘idan to‘liq ozod qilish imtiyoziga ega soliq to‘lovchilar mazkur soliqlarni 1 foizi miqdorida to‘laydi (mazkur tartib 3 oydan so‘ng kuchga kiradi).
Foyda solig‘ini hisoblashda Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondiga xayriya qilingan mablag‘lar soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanadi.
• Bolalikdan nogiron bo‘lganlar, shuningdek I va II guruh nogironlarining MHTEKMning 3 baravari (2 mln 466 ming so‘m) miqdoridagi mablag‘lari daromad solig‘iga tortilmaydi (ilgari MHTEKMning 1,41 baravari edi – 1 mln 159 ming so‘m). Ushbu tartib 2022-yil 1- martdan yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
• Yangi barpo etilayotgan bog‘lar, tokzorlar va tutzorlar egallagan yerlar 5 yil muddatga yer solig‘idan ozod qilinadi. Ilgari 3 yil edi.Ushbu tartib 2022- yil 1 – yanvardan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.