“Hududgazta’minot” aslida gazni “O‘ztransgaz”dan 340 so‘m, «Epsilon» horijiy kompaniyasidan 501 so‘m, “O‘zbekneftgaz”dan 250 so‘mdan sotib olib, aholiga ikki barobar qimmatga sotmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev yozmoqda.
“Normativ hujjatlar muhokamasi portaliga qo‘yilgan Vazirlar Mahkamasining qaror loyihasiga ko‘ra, 2022 yil 1 iyuldan 1 kub metr tabiiy gaz:
▪️iste’molchilar uchun 410 so‘m (amalda 380 so‘m);
▪️issiqlik elektr stansiyalari va elektr energiyasi yagona xarid kiluvchisi uchun 1000 so‘m (amalda 660 so‘m);
▪️boshqa yuridik iste’molchilar uchun 1150 so‘m (amalda 660 so‘m);
▪️metan zapravkalar uchun 1200 so‘m (amalda 1 000 so‘m) qilib belgilash taklif qilingan.
Bu shundoq ham non, shakar va boshqa iste’mol tovarlari oshib boryotgan sharoitda yashayotgan aholini yanada qiyin ahvolga soladi.
Qiziq tomoni aholiga gaz sotadigan “Hududgazta’minot” aslida gazni “O‘ztransgaz”dan 340 so‘m, «Epsilon» horijiy kompaniyasidan 501 so‘m, “O‘zbekneftgaz”dan 250 so‘mdan sotib olmoqda.
O‘zbekistonni o‘zidagi gazni qazib olib, yana o‘ziga ikki baravar qimmatga sotadigan «Epsilon»ga nega bunday sharoit yaratilgan, shohi bormi?
Mayli masalaga qaytsak. Yuqorida keltirilgan narxlarda gazni sotib olayotgan «Xududgazta’minot» bu gazni iste’molchi aholiga 410 so‘m va boshqalarga 1150-1300 so‘mdan sotmoqchi.
Nega kerakligini tushunmaydiganimiz “O‘ztransgaz” ham gazni “O‘zbekneftgaz”dan 250 so‘mdan olarkan.
Qizig‘i «O‘ztransgaz» xuddi shu gazni horijiy erkatoy kompaniyalar «Lukoyl» va «Uz-Kor Gas Chemical»dan 1100 so‘m, «Natural Gas-Stream»dan 550 so‘m va importda 1320 so‘mdan sotib olmoqda. So‘ng u ham ushbu gazni “Hududgazta’minot”ga 340 so‘m, magistral gaz uzatish tizimiga ulangan iste’molchilar issiqlik elektr stansiyalariga 1000 so‘m, boshqalarga esa 1150-1300 so‘mdan sotmoqda.
Yana bir tushunarsiz holat shuki, “O‘zbekneftgaz” qazib chiqarayotgan gazini “O‘ztransgaz” va “Hududgazta’minot”ga 250 so‘mdan sotsa ham horij kompaniyasi «Uz-Kor Gas Chemical»ga 190 so‘mdan sotarkan.
Nega o‘zimizni gazni qazib olib, yana o‘zimizga «yedirayotgan» horij kompaniyalariga buncha e’tibor va iltifot? O‘zbekiston xalqi va zamini horijliklarni boqish uchun yaratilganmi?
Albatta vatandan ko‘ra, pulga muhabbati buyuk ayrim amaldorlarimizning bu harakatlari shunchaki bo‘lmasa kerak. Ko‘z oldimizga horijdagi dengiz bo‘ylarida yaltirab turgan kimlarningdir «yaxta»lari kelayapti negadir. Faqat bu yaxtalar dengiz suvidamas, xalqimizning ko‘z yoshlarida chayqalib turibdi.
Eng muhimi asosiy gazni qazib chiqarayotgan «O‘zbekneftgaz» gaz narxini oshirmayapti. Lekin tayyor gazni olib, iste’molchiga berayotgan o‘rtadagilar nima uchundir narxni oshirishmoqchi, xalq hisobidan osongina «soqqa» qilmoqchi. Gʻalatimasmi yo bunda ham ko‘zdan pana joylardagi «yaxta»larga yetishish hoxishi bormikan?”, deya yozg‘iradi deputat.