“Shaxmatni yanada ommalashtirish va rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–347-son, 05.08.2022 y.) qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, Navoiy viloyatida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan maktabdan tashqari davlat sport-ta’lim muassasasi hisoblangan Xalqaro shaxmat maktabi tashkil qilindi.
Har yili o‘tkazib kelinayotgan Prezident sovrini uchun xalqaro shaxmat turnirining final bosqichi 2023 yildan boshlab Xalqaro shaxmat maktabida o‘tkaziladi.
Qarorga ko‘ra, 2023 yildan har yili tizimli ravishda quyidagi musobaqalar o‘tkaziladi:
yoshlar o‘rtasida barcha hududlarda “Rokirovka” turniri;
keksa avlod vakillari o‘rtasida “Nuroniylar” kubogi uchun;
nogironligi bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida “Cheksiz imkon” turniri;
8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan, 50 ming AQSH dollari miqdorida mukofot fondiga ega “Women’s Chess Championship” xalqaro turniri;
MDH, Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar shaxmatchilari o‘rtasida an’anaviy “Uzbekistan Chess Open” xalqaro turniri.
2022/2023 o‘quv yilidan umumiy o‘rta ta’lim maktablari, o‘rta maxsus, professional va OTM hamda hududlardagi Yoshlar markazlarida shaxmat to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, har yili Xalqaro shaxmat maktabida jahonning mashhur xalqaro grossmeysterlari ishtirokida yosh shaxmatchilar uchun trening va mahorat darslarini o‘z ichiga olgan mavsumiy oromgohlar tashkil etiladi.