Yangihayot tumanida 2021-2022 yillar davomida amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Ogoh.uz muxbiri ma’lum qildi.
Matbuot anjumanida bir qator jurnalistlar, blogerlar va OAV xodimlari ishtirok etdi. Jurnalistlar davra suhbatida bir qator o‘zini qiziqtirgan savollar bilan mutasaddilarga yuzlandi.
“Xabaringiz bor 2020 yil noyabr oyida Toshkent shahrining Sergeli va Bektemir hamda Toshkent viloyatining Zangiota, Yangiyo‘l, Quyichirchiq va O‘rtachirchiq tumanlaridan olingan jami 4 419,6 gektar hududda Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Yangihayot tumani tashkil etilgan. Bugungi kunda birinchilardan bo‘lib aholi uchun tibbiyot, ta’lim va mahallalarda qulayliklar yaratishni maqsad qilganmiz. O‘zim ham shu hududa yashaganim uchun doim odamlarni nima muammolar qiynayotganidan xabardorman. Hammasini tizimli hal etish ustida ishlayapmiz. Hukumat komissiyasiga bir qancha loyihalar kiritganman. Agar mana shu loyihalar tasdiqlansa, o‘ylaymanki, tumanimiz eng ilg‘or tumanlar qatoriga qo‘shiladi”, deya ta’kidladi Hayot Inog‘omov.
Shuningdek, kutilmaganda “Toshkent indeks”ga talabalarni joylashtirish boshlangani, ushbu joyni doimiy talabalar turar joyi qilib qo‘yish imkoni bor yoki yo‘qligi bilan ham qiziqildi.
“Hech kimga sir emaski, “Toshkent indeks”dagi do‘konlarning o‘z egalari bor. Biz uni hukumat so‘roviga asosan do‘kon xo‘jayinlaridan vaqtincha so‘rab olganmiz. Talabalar uchun to‘lov so‘mmasi 200 000 so‘m etib belgilangan bo‘lib, qolgan 300 000 so‘m mablah davlat tomonidan to‘lab berilmoqda. TTJ qurish loyihalari tasdiqlangan, ba’zi joylarda qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Biz imkon qadar ularni joy bilan ta’minlashga harakat qilamiz. Hozir aniq ayta olmaymiz, balki olti oy ichida ularni boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazarmiz”, — deya javob berildi.
Ma’lum qilinishicha, tumandagi tizimli muammolarni bartaraf etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 3 apreldagi 177-son qarori bilan “Yangihayot tumanini 2021-2023 yillarda kompleks rivojlantirish dasturi” tasdiqlangan.
Bu borada, eng ko‘p ishlar hajmi Toshkent viloyatidan Yangihayot tumaniga o‘tgan 6 ta mahallaga to‘g‘ri kelishi aniqlangan.
Ushbu 6 ta mahalladagi maktablarni isitish tizimi va hojatxonalarini ta’mirlash uchun 2021 va 2022 yillar davomida jami 2 mlrd so‘m yo‘naltirilgan.
“Umumiy hisobda, o‘tgan ikki yil davomida ijtimoiy soha ob’yektlarini qurish, ta’mirlash ishlari uchun tuman mahalliy byudjetidan 118.8 mlrd so‘m yo‘naltirildi.Tez tibbiy yordam stansiyasini qurish ishlarini yakunladik, Xushnud mahallasida yangi oilaviy poliklinika qurilishini boshladik. Kelgusi yilda Markaziy poliklinikani kapital ta’mirlash bo‘yicha rejalarimiz mavjud”, deya qo‘shimcha qildi hokim.