Qashqadaryoda ayol «erini oʻldirdi» emas, oʻzini himoya qildi!

Soʻnggi paytlarda qizlar va ayollar oʻrtasida sodir boʻlayotgan jinoyatlar tez-tez uchrab turibdi. Hafta davomida tarqalgan yangiliklar ichida birortasi albatta shu haqida boʻladi. Bolasini sotgan, tashlab ketgan qizlar, turmush oʻrtogʻini, oila aʼzolarini oʻldirishga jazm qilgan ayollarning soni kamayish oʻrniga ortib bormoqda. Quyida mana shunday holatlardan biri tafsilotlarini keltirib oʻtamiz.

Joriy yilning 5 dekabr kuni soat 18:00 larda Koson tumani «Qorabayir» mahallasida yashovchi E.J. mast holatda turmush oʻrtogʻi M.X.ni haqoratlab, urib-tepib, tomoq sohasidan bugʻib olgan. Chorasiz qolgan ayol erini qoʻlidan chiqishga har qancha harakat qilmasin, kuchi yetmaganligi sababli oxirgi chora sifatida yonida supadagi savat ustida turgan oshxona pichogʻini olib, zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqib, turmush oʻrtogʻining chap qoʻltiq osti sohasiga bir marta sanchib olgan. Natijada, er boʻlmish E.J. olgan ogʻir tan jarohati tufayli vafot etgan.

Qashqadaryo viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabariga koʻra, hozirda mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan M.X.ga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Katta ehtimol bilan ayolga Jinoyat Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam oʻldirish) 1-qismi bilan ayblov eʼlon qilinib, 10 yildan 15 yilgacha qamoq jazosi tayinlansa kerak.

Chunki tergovchilarimiz, sudyalar, prokurorlar Jinoyat kodeksining 98-moddasi (Kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam oʻldirish) yoki 100-modda (Zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqib, qasddan odam oʻldirish)ni hisobga olishmaydi. Noqonuniy harakatlardan aziyat chekib qotillik yoki tanaga ogʻir shikast yetkazgan shaxs muyulishda pichoq bilan qurbonni kutib turgan jinoyatchiga tenglashtiriladi?

Ayollarni zoʻravonlikdan davlat shunchalik sust himoya qilsa, ayollar oʻzlarini himoya qilishga majbur boʻlsalar, nega bu ayollar ashaddiy jinoyatchilarga tenglashtiriladi? Nima uchun qonunning tegishli moddalariga qaramay, ularga qotillarga singari muomala qilishadi?

Shu oʻrinda yana bir savol tugʻiladi, turli mamlakatlarda tajovuzkorlarni oʻldirib qoʻygan zoʻravonlik qurbonlari — ayollarni qonun qanday himoya qiladi?

​Erkak xotiniga ikki qizlarini oʻldirish bilan tahdid qilgan. Ayol uni oʻldirdi. Sud ayolning harakatlarini oqladi.

Turkiya

12 yillik turmushida 31 yoshli antaliyalik Melek Ipek doimiy zoʻravonlik muhitida yashagan. Erkak oʻldirish bilan tahdid qilgani uchun politsiyaga xabar berishdan qoʻrqib uzoq yillar sukut saqlagan.

7 yanvar kuni kechasi 36 yoshli Ramazan Ipek soatlab xotinini kaltaklagan, soʻng qoʻliga kishan taqib, zoʻrlaydi va uydan chiqib ketadi.

«Himoya orderi ham yordam bermaydi. Meni qamashsa ham chiqqanimdan keyin seni va bolalarni oʻldiraman. Seni oʻldirgach, mayda boʻlaklarga boʻlib, itlarga yem qilamanki, birov seni oʻlik holingda ham tanimaydi”, – deydi Ramazan.

Melekning soʻzlariga koʻra u oʻzining va bolalarining xayoti uchun qoʻrqdi. Ayol ov miltigʻini olib, eri qaytgach, uni otib oʻldiradi.

Prokuratura ayblanuvchi uchun 6 yil qamoq jazosini soʻragan. Sud uzoq vaqt uy zoʻravonligi qurbonlari boʻlgan bolalarning koʻrsatmalarini inobatga oladi. Antaliya sudi ayol oʻzini himoya qilgani uchun mazkur ishda jinoyat tarkibi yoʻqligini qaror qiladi.

«Kechinmalarimni tasvirlash qiyin. Men erimning oʻlimini hech ham istamaganman. Meni qoʻllab-quvvatlagan barchaga minnatdorligimni bildiraman”, – dedi Melek Ipek.

Fransiya

Fransiyada Jaklin Sovaj oiladagi zoʻravonlik qurbonlarining ramziga aylandi – u oʻzini qutqarish uchun qotillikka qoʻl urdi.

Jaklin Sovaj Nober Marot bilan 47 yil birga yashadi (1965-2012), undan oʻgʻil va uch qiz tugʻadi. Erkak muntazam ichib, xotini va bolalarini urar, bundan tashqari, Jaklinni zoʻrlab kelardi. Qizlari katta boʻlgach esa ularning ham nomusiga tegadi. Shunday qilib, u 16 yoshida qizlaridan biri bilan jinsiy aloqa qilgan. Jaklinning oʻgʻli 2012 yil sentyabr oyida oilaviy vaziyat tufayli oʻzini osib oʻldirganidankeyin ayolning koʻzi ochiladi. Ertasi kuni ayol erini ov miltigʻi bilan uch marta otib oʻldirdi. Ayolni hibsga olib qotillikda ayblashadi. Qizlar onaning harakatini qoʻllab-quvvatladilar va uning aybsizligini aytishardi. Ulardan biri otasining oʻlimi hammalari uchun yengillik keltirganini aytadi.

2014 yilning oktyabr oyida Jaklin aybdor deb topilib, 10 yilga ozodlikdan mahrum etiladi. Apellyatsiya sudi bir yildan koʻproq vaqt oʻtgach, 2015 yil dekabrida qaror qabul qildi: hukm oʻz kuchida qoldi. Oʻsha paytdan boshlab ayolni qoʻllab-quvvatlash uchun ommaviy kampaniya yanada qizgʻin tus oldi. Jaklinni ozod qilishning yagona yoʻli – Fransiya prezidentining afv etishidir – oʻsha paytda amaldagi prezident Fransua Olland edi.

2016 yil 29 yanvar kuni Olland Jaklinning qizlari va 
advokatlari bilan uchrashadi. Bir necha kundan keyin u Sovajni afv etish toʻgʻrisida qaror qabul 
qilganini eʼlon qildi – bir 
necha oydan soʻng u ozod qilindi. 

Shahruza Sattorova