Salomatmisiz, janob vazir?
Bilaman, ushbu maktubim sizning qimmatli vaqtingizni o’g’irlaydi. Mabodo, yetib borib qolsa. Nima bo’lganda ham buni yozishga axd qildim, yozmasam ko’nglim yorishmaydi, hozircha u yerda ham “svet” yo’q.
Janob vazir, “Yon, yon, chirog’im, yog’li kulcha beraman” degan qo’shiqni eshitganmisiz? Uzr, bergan savolimni qarang, qayerdan ham eshitardingiz. Axir bu qo’shiqni kuylash uchun sizda “ehtiyoj” yo’q-ku. Bu misralar bizning olis qishloqlarimizda urf. Bolaligimdan yod bilaman, onam “svet” o’chganda xarxasha qilaversak, “Shu qo’shiqni ko’p aytsalaring chiroq keladi” deb tinchlantirardilar bizni. Hozirgi kichkintoylarga ham begona emas bu so’zlar, ishoning.
Hech farzandlaringiz sevimli multfilmlarini ko’rish uchun shiftda osilib turgan lampaga qarab iltijo qilganini ko’rganmisiz? “Yo’q” deyishingizni bilardim. Mana biz kutganmiz o’sha ordonaqurg’ur chiroqni. Soatlab kutganmiz, kunlab kutganmiz! Bu tarix, deysizmi?. Afsus, bu bizdan keying bolalikka ham “meros” bo’lib o’tgan.
Maktabda o’qigan kezlarim topshiriqni bajarmaganlar uchun eng ishonchli “sabab” edi chiroq yo’qligi. Yo’q-yo’q ularning hammasi ham bahona emas, chindan ham ko’pincha shunday edi, ishoning!
Osmonga qora bulut to’plandi deguncha telefonlarni quvvatlab qo’yardik, negaki hali yer ho’l bo’lib ulgurmasidan elektr uziladi. Sel yog’ib bersa-ku, qo’yaverasiz, kami bilan bir kun “svet”dan umidimizni uzib qo’yamiz. U yog’i Xudodan!
Uni qo’ya turing, tirikchiligi elektrga bog’liq bo’lgan onaning “qarg’ish”larini eshitganmisiz hech? “Nega qarga’aydi?”, deb ayblashga shoshilmang! Nima qilsin bechora, tikuvchilik bilan bola boqadi.
Oilangiz kun bo’yi ishlab, kechga bir dasturxon atrofiga yig’ilsa-yu, chiroq o’chib tursa, siz ham bir so’kib qo’ysangiz kerak ichingizda. Nimani aytayotganimni tasavvur qildingiz-a? O’grilgan piyola ustida oqib borayotgan sham, yoki bosh kiyimiga “fonarik” qistirib olib ovqatlanayotgan ota…
Kulgli tuyilyapti-a? Aslida esa achinarli haqiqat!
Aytgancha, o’tgan yili “Hisob-kitoblarimizga ko’ra ayni vaqtga qadar qilingan ishlar natijasida qishda ham, yozda ham aholini elektr bilan to’liq ta’minlab beramiz”, deb va’da bergandingiz, esingizdami? Biz-ku ishonmagandik. Kutganimizdek bo’ldi. Mayli, va’dani ro’kach qilib sizdan o’pkalolmaysiz, axir, siz qaysi yilning qishi va yozini nazarda tuganingizni aytmagandingiz-ku, to’grimi? Bu yil ham kutaveramiz, baribir, boshqa imkonimiz yo’q. Kim bilsin, balki, shu yilni nazarda tutgandirsiz!?
Mayli, uni ham qo’ya turing, bergan intervyularingizning birida “Gazimiz uchta O’zbekistonga yetadi”, deganingizni eshitdim-u, O’zbekistonda yashayotganimga shubhalanib qoldim. “Nega” deysizmi? Chunki so’nggi bor besh yoshligimda uyimizda oqma gaz yonganini eslayman. Shundan beri quvurlarda gaz tugul uning hidi ham yo’q. Qishloqda qishni o’tin va ko’mir bilan kutamiz.
Ha, aytgancha, hech yo’qsa “tappi” nimaligini bilarsiz-a? Axir, siz aytgan o’sha O’zbekistonning ko’plab hududlarida bu so’z “moda”-ku!
Xullas, janob vazir, sizga bir taklifim bor. Bir oz muddatga yumshoq kursingiz bilan xayrlashing-da, kabinetingizdan chiqing! Xalqning ishonchini u yerda qozonib bo’lmaydi, balki, o’sha to’rt devor sizga asl muammolarni ko’rishda halal berayotgandir. Qishloqlarimizga keling, uyimizda bajonidil mehmon qilamiz. Zora, tashrifingiz sabab uzoq yillik muammolarimiz barham topar. Albatta, keling, kutamiz!
Maqsad Obidjon