Tibbiyot yo‘nalishida taniqli olim, professor Zarifboy Ibodullayev O‘zbekiston Prezidentiga murojaat bilan chiqdi

“Oliy ta’limda 30 yillik stajga ega mutaxassis sifatida sizga quyidagi takliflarim bor”, – deydi prefessor “OLIY TIBBIY TA’LIM ISLOHOTGA MUHTOJ!” deb nomlagan murojaatida.

Professorning taklif etishicha, “har bir OTM professor-o‘qituvchilari orasidan haqiqiy ilm fidoyilaridan bir nechtasini tanlab, ularning orasidan eng ko‘p ovoz olgan professor nomzodi Rektorlik lavozimiga tavsiya qilinsin”. Shunday tartibda nomzod Prezident Administrasiyasi va Senatga taklif qilinishini istamoqda Z.Ibodullayev.

Uning fikricha, oliy Attestasiya komissiyasi yo‘q qilinishi va Fanlar akademiyasi statusi qayta ko‘rib chiqilishi kerak. “Rossiya filiallarini ochaverish bas qilinsin, faqat Gʻarb davlatlari filiallari ochilsin (men buni avvallari ham tinimsiz gapirib kelganman)!” —deb yozmoqda professor.

Yoshi 70 dan oshgan professor-o‘qituvchilar OTMda yoshlarga o‘z o‘rnini bo‘shatib berishi kerakligi taklif etilmoqdi murojaatda. “Nafaqat Fanlar akademiyasi, balki OTM dagi ba’zi kafedralar ham “Qariyalar uyiga” aylanib bormoqda. 70 yoshdan oshgan olim ilmiy g‘oya bera olmaydi, faqat ilm haqida nasihat qila oladi, xolos”.

“Hurmatli professorlar! Biz o‘zimizga-o‘zimiz baho bermaylik. Ta’lim sifatini bahosini talaba va magistrlar bersin. Siz professorlar ta’lim bizda juda zo‘r deb gapirib yotibsizlar. U holda nega yoshlarning loaqal 1 foizi ham Sizlarni ma’qullamadi? Ana shuning o‘zi tibbiy ta’limga berilgan baho emasmi?” —deya hamkasblariga savol qo‘ymoqda Z.Ibodullayev.

Professorning fikricha, yoshi 70 dan oshgan barcha professorlarni dissertasiyalar yoqlanadigan ixtisoslashgan Kengashlardan ham chetlashtirish kerak. “Qanday qilib bitta ixtisoslashgan Kengashni bitta professor 20 yil, ba’zida 30 yil boshqarishi mumkin. Aql bovar qiladimi shunga?”— deya savol qo‘ymoqda.

Prefessor Zarifboy Ibodullayev murojaatidan anglashilishicha, so‘nggi vaqtlarda hamkasblari orasida uni qoralash kаmpaniyasi boshlangan. Murojaatda tushunilishicha, hamkasblari u 10 yil mobaynida rektorlarga yolvorib ko‘targan masalada qo‘llab-quvvatlashmagan. Lekin aynan qaysi masala ekani murojaatda keltirilmagan. “Tinimsiz menga “Kechirim so‘rab chiq” deb gapirib yotibsiz!”— deb ta’kidlagan professor.

“Turli tadbirlar bilan talabani tarbiyalab bo‘lmaydi. Meni fikrimni “30 yillik tarbiya” uslubi isbotlab turibdi. Esda tuting! Yaxshi tadbir emas, yaxshi muhit talabani tarbiyalaydi! Prezident shu bois ham talabaga yaxshi muhit yarating, deb ko‘p bora aytadi. Vaziyatni to‘g‘ri tushunib meni deyarli 100 foiz qo‘llab kelayotgan yosh tadqiqotchilar, magistrlar, klinik ordinatorlar va talalabalarga ham o‘zimning chuqur minnatdorchiligimni bildiraman!” —deb yozadi Zarifboy Ibodullayev 2022 yil 6 mart kuni yo‘llagan murojaatida.