Ichki bozorlarda narxlarning keskin o‘zgarishini oldini olish to‘liq ta’minlangan — Vazirlik

Rossiya Federasiyasi tomonidan bug‘doy va shakarga qo‘yilgan cheklovlar O‘zbekistonga ta’sir qilmaydi. Bu haqda Қишлоқ хўжалиги вазирлиги axborot xizmati ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, Respublikada aholi va korxonalarning talabini uzluksiz, yetarli miqdorda va barqaror narxlarda bug‘doy, un, shakar mahsulotlari bilan ta’minlash hamda ichki bozorlarda narxlarning keskin o‘zgarishini oldini olish to‘liq ta’minlangan.

Xususan, 2021 yil bug‘doy hosili mavsumida 6 mln. 656 ming tonna bug‘doy yetishtirilgan bo‘lib, shundan 2 mln. 533 ming tonnasi respublika don zahiralari uchun jamg‘arilgan, 4 mln. 123 ming tonnasi fermer va aholi ixtiyorida qolgan.

O‘tgan yil yakuniga qadar 2 mln. 771 ming tonna bug‘doy doni
va 357,7 ming tonna un xususiy sektor tomonidan asosan Qozog‘iston Respublikasidan import qilingan hamda 26,8 ming tonna bug‘doy doni va 949,1 ming tonna un eksport uchun yo‘naltirilgan.

Shuningdek, 2022 yilda aholini shakar mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash maqsadida respublikamizda 600 ming tonna shakar mahsulotlari ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

O‘tgan yil yakuniga qadar 23 ming tonna shakar va 620 ming tonna shakar xomashyosi Braziliyadan import qilingan. O‘z navbatida, 25 tonna shakar eksportga yo‘naltirilgan. Rossiya Federasiyasi tomonidan bug‘doy va shakar eksportiga qo‘yilgan cheklovlar O‘zbekistonga ta’sir qilmaydi, deyiladi xabarda.