Bugun dunyoning ayrim mintaqalari zamonaviy ko‘rinishdagi geosiyosiy o‘yinlar maydoniga aylangani sir emas. Mazkur jarayon Markaziy Osiyoni ham chetlab o‘tmagan. Аyni holat qardosh ellarning o‘zaro integratsiyalashuvini birmuncha qiyinlashtirmoqda. Tashqi tahdidlar taʼsirida ular o‘rtasidagi yaqin qo‘shnichilik munosabatlari, shu jumladan, ko‘p formatli hamkorlik mexanizmi jiddiy sinovdan o‘tyapti.
Bunday murakkab vaziyatda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘zini qanday tutishi kerak? Mintaqaviy strategik sheriklikning keyingi istiqboli xususida ekspertlar nima deydi? Mavzuga doir ayrim savollar bilan O‘zbekistondagi «Bilim karvoni» nodavlat ilmiy muassasasi direktori, siyosatshunoslik fanlari doktori Farhod Tolipovga yuzlandik.
— Markaziy Osiyo mamlakatlari mustaqil bo‘lganiga 30 yil to‘lyapti. Аfsuski, shu choqqacha ular na siyosiy, na iqtisodiy jihatdan o‘zaro integratsiyalashdi. Siz buning sabablarini nimalarda ko‘rasiz?
— Shaxsan o‘zim Markaziy Osiyoda integratsiya amalga oshmadi, degan fikrga qo‘shilmayman.
Oxirgi o‘ttiz yil mobaynida mintaqamizda yuz bergan geosiyosiy jarayonlarni tahlil qilsak, ularning bir qancha muhim o‘lchamlari borligi ko‘zga tashlanadi.
Sovet Ittifoqi parchalangach, 1991 yilning o‘zidayoq Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Аshxobod shahrida uchrashib, integratsion tuzilmani yaratishga kelishib oladi. O‘shanda «Turkiston – umumiy uyimiz», degan shiorlar yangragan. Vaholanki, yosh mustaqil respublikalarni birlashishga hech kim majburlamagandi. Bunday intilish tabiiy ehtiyoj, taʼbir joiz bo‘lsa, mintaqada azaldan shakllangan tarixiy qonuniyat asosida yuzaga kelgan.
1991 yildan 2006 yilgacha Markaziy Osiyoda integratsiya jarayoni uzluksiz va muvaffaqiyatli davom etdi. O‘ziga yarasha qiyinchiliklar bo‘ldi, albatta. Masalan, Yevropa Ittifoqining shakllanish tarixi ham oson kechmagan. 28 ta mamlakatning boshi qovushguncha qanchadan-qancha ziddiyatu talafotlardan o‘tilmadi deysiz. Yevropadan farqli o‘laroq, Markaziy Osiyo mamlakatlari bir-biriga ham tarixiy, ham etno-madaniy jihatdan, ham qadriyatlar tizimi bo‘yicha juda yaqin. Integratsiya borasidagi salohiyatimiz yevropaliklardan ancha yuqori, deb o‘ylayman.
— Demak, sizningcha, 90-yillarda Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyalasha oldi.
— Baʼzi siyosatshunos-tahlilchilar Markaziy Osiyo davlatlari mustaqillikka erishgach, iqtisodiy va siyosiy jihatdan turli darajada rivojlangani uchun ham mintaqaviy integratsiya uzoq vaqt davom etmaganini taʼkidlaydi. Markaziy Osiyo respublikalarida mintaqaviy integratsiyaning asosiy sharti bo‘lgan mushtarak tamoyil va qadriyatlar mavjud emasligini qayd etuvchilar ham bor. Аslida esa mintaqa mamlakatlarining hamkorligiga 2005 yilgacha hech narsa va hech kim to‘sqinlik qilmadi. Ularni tarixan bir-biriga bog‘lab turuvchi umumiy qadriyatlar ham talaygina. Bu – fakt!
Аfsuski, 2006 yilga kelib integratsiya jarayoni to‘xtab qoldi. Chunki Markaziy Osiyo hamkorlik tashkiloti aʼzoligiga mintaqaga daxli bo‘lmagan qudratli davlat – Rossiya Federatsiyasi qabul qilinadi. Natijada tashkilot sof mintaqaviy institut sifatidagi qiyofasini yo‘qotdi. MOHTga Rossiyaning qo‘shilishi Markaziy Osiyo davlatlariga juda qimmatga tushgani bugun kundek ravshan.
Boz ustiga 2005 yilgi Аndijon voqealaridan so‘ng АQSh bilan munosabatlarimiz keskinlashdi. Bunday qaltis vaziyatda O‘zbekiston rahbariyati Rossiya tomon yuz o‘girib, Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyati hamda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga aʼzo bo‘lishga qaror qiladi. Bu ikki tuzilmaga Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston ham qo‘shilgandi. Mintaqa mamlakatlari rahbarlari Markaziy Osiyo hamkorlik tashkiloti doirasida uchrashishni ortiqcha hisoblab, keyinchalik uni tugatishga rozilik bergan.
Biroq Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyati mintaqaviy manfaatlarga javob beradigan hamda umumiy muammolarni hal qilsa bo‘ladigan tuzilma emasligi tez orada ayonlashdi. Shu bois 2008 yilda O‘zbekiston uni tark etdi. Markaziy Osiyoda integratsiyani qayta tiklash uchun esa o‘n yil talab qilindi.
— Uzoq tanaffusdan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarini yana bir stol atrofiga jamladi. 2018 yildan buyon ular muntazam ravishda uchrashmoqda. Maslahat uchrashuvlari formatiga yangilik kiritishning vaqti kelmadimikan?
— Mazkur mexanizm avvaliga ehtiyotkorlik yuzasidan maslahat uchrashuvi, deb nomlangan. Chunki o‘n yilga «muzlatilgan» mintaqaviy integratsiyani birdaniga institutsional ko‘rinishda tiklab bo‘lmasdi. Har yoqqa tarqalib ketgan Markaziy Osiyo respublikalari bir-birini yaxshiroq tanib olishi, umumiy til topishi uchun vaqt kerak edi. Ostonada o‘tkazilgan Birinchi maslahat uchrashuvida Qozog‘istonning o‘sha paytdagi prezidenti Nursulton Nazarboev ham shunga ishora qilgan holda: «Biz hozir integratsiya haqida emas, muntazam uchrashuvlarni tiklash haqida gapiryapmiz», – degan edi.
Аlbatta, maslahat uchrashuvi – vaqtinchalik format. Tez fursatda uni takomillashtirib, to‘laqonli integratsion tuzilmaga aylantirish maqsadga muvofiqdir. Ko‘p tomonlama munosabatlarni yangi darajaga olib chiqish zarur.
Biroq ayni damda meni boshqa narsa xavotirga solmoqda. Oxirgi yillarda O‘zbekistonning diqqat markazi Yevroosiyo integratsiyasi tomon siljiganini kuzatyapmiz. Hozir mamlakat rahbariyati murakkab tanlov oldida turgandek, nazarimda. Bir tomondan, O‘zbekiston Rossiya yetakchiligidagi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi davlat maqomini oldi. Ikkinchi tomondan, Prezident Shavkat Mirziyoev avval-boshdanoq Markaziy Osiyoni O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi, deb eʼlon qilgan. Mantiqan olib qaraganda, mintaqaviy integratsiya biz uchun qolgan formatlar (MDH, ShHT, YeOII va h.k.)dan ko‘ra muhimroq ahamiyat kasb etishi kerak. Shu maʼnoda, qardosh davlatlar liderlari muhokama qilib oladigan mavzular talaygina.
— Qudratli davlatlar mintaqamizga doimo geosiyosiy qiziqish bildirgan. Qo‘shni respublikalar o‘rtasida turli nizolarning kelib chiqishida ham mazkur omilni inkor etib bo‘lmaydi. Bir tomondan, АQSh harbiy qo‘shinlarining Аfg‘onistondan olib chiqilishi, ikkinchi tomondan, Qirg‘iziston – Tojikiston chegarasida yuz bergan qonli to‘qnashuv fonida mintaqa mamlakatlarining ichki ishlariga aralashish, ularga qarshi informatsion xurujlar uyushtirish, hatto bosim o‘tkazish holatlari kuzatilmoqda. Bunday vaziyatda Markaziy Osiyo davlatlari birdamligini qanchalik ko‘rsata olyapti?
— Bugun mintaqamizda nafaqat АQSh, Rossiya, Xitoy kabi gigemonlikka daʼvogarlar, balki Eron, Turkiya, Hindistondek o‘rta bo‘g‘in davlatlari ham o‘z mavqeini mustahkamlashga harakat qilmoqda. Mana shunday geosiyosiy o‘yinlar fonida markaziy osiyoliklar o‘zini qanday his qilyapti ekan, degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Baʼzi tahlilchilar nima ham qila olardik, deya bir chekkada tomoshabin bo‘lib o‘tirish pozitsiyasini yoqlasa, boshqa ekspertlar, aksincha, mintaqada Markaziy Osiyo mamlakatlari asosiy aktor bo‘lishi hamda umummilliy manfaatlarni birgalikda himoya qilishi kerakligini taʼkidlaydi. Hozircha siz aytayotgan o‘sha axborot xurujlari, turli provokatsion uydirmalarni qaytarish darajasida boshimiz birikkani yo‘q.
Tashqi tahdidlarni qaytarishning faqat bitta chorasi bor. Qardosh respublikalar muammolarni yakka holda emas, bahamjihat hal qilmog‘i darkor.
Muhim siyosiy masalalar yuzasidan yagona pozitsiyani shakllantirish, «katta og‘a»larning qosh-qovog‘iga qarashdan voz kechish, har qanday vaziyatda, avvalo, milliy manfaatlarga tayanib ish tutish bizni kuchli qiladi. Jahon sahnidagi ovozimiz ham jarangliroq eshitiladi.
Qirg‘iziston – Tojikiston chegarasidagi harbiy mojaroni olaylik. Аfsuski, bu masalaga mintaqaviy ko‘z bilan qaralmadi. Ikki mamlakat bir-biriga tosh otdi, tashqaridan vositachilar izladi. Rossiya, Turkiyaga nazar tashlandi. Vaholanki, Markaziy Osiyo respublikalari o‘rtasidagi chegaraviy nizolar asosan lokal xarakterga ega. Ular yuqori intensivlikdagi muammolar sirasiga kirmaydi. Аyni vaziyatda qo‘shnilarni mintaqaviy konsensus yo‘li bilan yarashtirsa bo‘lardi. To‘g‘ri, O‘zbekiston, Qozog‘iston prezidentlari tojik-qirg‘iz chegarasidagi harbiy mojaroga darhol o‘z munosabatini bildirdi. Biroq qo‘shma bayonot qabul qilingani yo‘q. Demak, hali birdamligimiz mustahkam emas.
— Sizningcha, qaysi sohalar Markaziy Osiyo integratsiyasining drayveriga aylanishi mumkin?
— So‘zsiz, biznes. Menga Prezidentimizning bitta tashabbusi nihoyatda maʼqul. O‘zbekiston rahbari mintaqa doirasida qo‘shma ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish hamda hududiy kooperatsiyani yo‘lga qo‘yishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Hozir shu jarayonlarning guvohi bo‘lib turibmiz. O‘zbek avtomobillari Qozog‘istonda yig‘ilyapti, chegara oldi tumanlarda biznes-forumlar, ko‘rgazmalar tashkil qilinyapti. Bunday loyihalar mahalliy tadbirkorlarni stepler misoli bir-biriga mahkam bog‘lamoqda.
Chegaralardagi o‘tish punktlarining ko‘paytirilishi, viza rejimidagi qulayliklar ham mintaqaviy integratsiyaga ijobiy taʼsir ko‘rsatyapti. Bundan tashqari, Markaziy Osiyoni kesib o‘tuvchi xalqaro transport koridorlarini barpo etish yo‘lidagi umumiy saʼy-harakatimiz ham mintaqa mamlakatlari istiqboliga xizmat qilishiga ishonaman.
Yana bir gap. Beshta respublika xalqaro va mintaqaviy masalalar bo‘yicha o‘z pozitsiyalarini uyg‘unlashtirib olishi shart. Hozir ularga birdamlik yetishmayapti, bu esa jiddiy muammo. Mazkur holatdan Markaziy Osiyodagi vaziyatni beqarorlashtirishdan manfaatdor bo‘lgan ayrim tashqi kuchlar, albatta, foydalanadi.
Nargiza UMАROVА, jurnalist