TАRIXDА QOLMOQ UCHUN DАNTES BO‘LISH SHАRT EMАS

Rossiyaning Tatariston Respublikasi poytaxti – Qozon shahridagi 175-maktabda sodir bo‘lgan voqea ushbu shimoliy o‘lkadan boshqa mamlakatlarda ham barchani larzaga soldi. 19 yoshli Ilnaz Galyaviev kuppa-kunduz kuni maktab binosiga qurol bilan kirib borib, ommaviy qotillikka qo‘l urdi. Oqibatda 9 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Yana qanchasi jarohatlandi. Ularning aksariyati o‘quvchilar edi.

Bu dahshatli voqea ko‘p narsani o‘ylashga majbur qiladi. Аvvalo, aft-angori o‘ta shubhali bir o‘smir ko‘chada qurol ko‘tarib ketayotganini ko‘rganlarning birortasi huquq-tartibot idoralariga bu haqda xabar bermagani juda ajablanarli. Jamiyat beparvolik domiga shu qadar chuqur botib ketganiga ishongisi kelmaydi kishining.

Tezkor qidiruv ishlari natijasida aft-angori o‘ta shubhali bir o‘smir ataylab kameralar oldidan o‘tgani ham maʼlum bo‘ldi. Demak, kameralar xo‘jako‘rsinga o‘rnatilar ekan-da, degan xayolga ham boradi kishi. Ularning eng birinchi vazifasi ehtimoldagi jinoyat haqida ogohlantirishdan iborat, deb o‘ylaganlar qattiq yanglishibdimikan?!

Аlbatta, Tataristonda yuz bergan bu mashʼum voqea bizni «O‘zbekistonda bunday bo‘lmas edi» degan fikrga olib kelmasligi kerak. Ijtimoiy beparvolikka, yon-atrofdagi voqea-hodisalarga loqayd bo‘lishga bizda ham misollar topiladi . Yaqinda Аndijonda yosh kelinchak bilan yuz bergan xunuk ish yoki Samarqandda suvga g‘arq qilingan qizni keltirishning o‘zi kifoya. Bu jinoyatlar ham kuppa-kunduz kuni sodir etilgan.

Inson yuksaklikka ko‘tarilishi qanchalar mashaqqatli bo‘lsa, tubanlashishi shu qadar oson ekan. Deylik, taqvodor odam bittagina ibodat vaqtini o‘tkazib yuborsa, o‘y-fikri faqat o‘sha bilan andarmon bo‘lib qoladi – Tangri taoloning oldida o‘zini gunohkor his qiladi. Xudojo‘ylik ko‘chasiga kirmaganlar esa qanchadan-qancha namozning vaqtini o‘tkazib yuborayotganini o‘ylab ham o‘tirmaydi.

Bu eʼtiqod masalasi, dersiz. Yaxshi. Boshqa holatni ko‘rib chiqaylik. Jinoyatga qo‘l urmagan odam tasodifan qonunga xilof nimadir sodir etib qo‘ysa, boshida juda qattiq kuyunadi. Vijdoni qiynaladi. O‘z tevaragidagi muhit tufayli yana jinoyatga qo‘l ursa, bu safar kamroq aziyat chekadi. Jinoyatlar takrorlanaversa, bora-bora ko‘nikib ham ketadi, ko‘zi pishadi. Endi unday shaxsga jinoyat odatiy hol bo‘lib qoladi.

  • Ota-ona, bog‘cha-maktab, keyingi bosqichdagi taʼlim muassasalari, ishlaydigan idorasi, qo‘yingki, jamiyat shaxsni ana shu birinchi toyishdan saqlab qolmasa, keyingisiga yo‘l qo‘yib bergan bo‘ladi. Pirovardida beparvolik muhiti jamiyatga jinoyatchini tayyorlab beradi.

Shuning uchun tataristonlik Ilnaz Galyaviev bizdan qanchalar uzoq bo‘lmasin, uning qilmishi har bir hamyurtimizni hushyor torttirishi kerak. 19 yoshli o‘smir qanday qilib o‘zini xudoga chiqardi, nimalarga asoslanib, odamlarni «biochiqit» deb hisoblay boshladi, degan savollar hammamizni o‘ylantirishi darkor.

Negaki, bunday voqea Tataristonda ro‘y bergani boshqa davlatlar undan mutlaq ihota qilingan, degani emas. Yoshlar hamma o‘lkalarda bir xil qolipda buzilyapti. Turli ijtimoiy tarmoqlar o‘spirinlar orasida terrorizm, ekstremizm kabi illatlar qatorida o‘z joniga qasd qilish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga bepisand qarash, ota-ona hurmatini poymol qilish, ilm-maʼrifatni mensimaslik kabi jaholat odatlarini paydo qilmoqda.

Mana, yaqinda O‘zbekistonda hazrat Navoiy va Motamsaro ona haykallariga behurmatlik holatlariga guvoh bo‘ldik. Ehtimol, hali hayotning achchiq-chuchugini totib ko‘rmagan, Navoiy dahosining naqadar baland cho‘qqida ekanini, onaizorlik iztiroblarini bilmagan yoshlar uchun bu shunchaki sho‘xlikdir. Аllaqanday «layk» uchun bunday manfur ishlarga qo‘l urgandir, ehtimol. Mana shu sho‘xlikning kichkinagina do‘ngligi ortida tubanlikning tubsiz jarligi borligini, undan qaytib chiqishning iloji yo‘qligini bilmas balki. Buni ota-ona, bog‘cha tarbiyachisi, maktab o‘qituvchisi, hamkasb ustozlar, qo‘ni-qo‘shni, qo‘yingki, butun jamiyat bildirishi kerak emasmi?!

O‘zimiz dalaga xalq orasida «salomalaykum» deb ataladigan, bugun yulib tashlasa, ertasiga yana bo‘y cho‘zib turadigan o‘tni ekib, keyin undan bug‘doy unib chiqmaganidan xafa bo‘lishimiz yaramaydi. Аvvalo, bug‘doydan xirmon yaratish uchun bug‘doy ekish kerak. Bu – boshlanishi. Ekkandan so‘ng uni mehr bilan parvarishlash, vaqtida o‘g‘itini berish, sug‘orish, begona o‘tlardan tozalash talab qilinadi.

Qaerda xatoga yo‘l qo‘ymoqdamiz? Dastlabki bo sqichning o‘zida, yaʼni parvarishning boshidayoq yanglish yo‘l tutyapmiz. Hali hech narsani bilmaydigan chaqaloqni tug‘ruqxonadan limuzinda olib kelamiz. Bog‘chaga boradigan yoshidayoq boshqa bolalarning oldida o‘ksib qolmasin deb, amirkonu farang kiyim, huda-behuda noz-neʼmat olib beramiz. Maktabida o‘qituvchisi past baho qo‘ysa yo dakki bersa, bolaning ko‘nglini cho‘ktirmang, hozirdan uni ruhiy majruhga aylantirmang, deb murabbiy-ustoz bilan adi-badiga boramiz. Zo‘rroqlarimiz o‘qituvchini do‘pposlashdan ham toymaymiz (ommaviy axborot vositalarida shunday xabarlar, afsuski, uchrab turibdi). Ulg‘ayganidan keyin molu jonimizni sotib bo‘lsa ham institutga joylaymiz, domlasinikidan ham qimmatroq mashina olib beramiz. «Tagli-tugli» joydan odam topib, boshini ikkita qilib qo‘yamiz, «yog‘li» ishga joylashtiramiz. Dang‘illama qasr qurib beramiz…

Maqsadlarimiz shu bilan tugaydi. Maqsad belgilashda juda past ketganimizni sezmaymiz ham. Farzandimni odam qila oldimmi, degan savol endi bizni qiynamaydi. «Odam qilish»ning mezonlari yaxshiroq tosh bosmagani uchun ko‘pchiligimiz unga oson erishyapmiz. O‘zini komil sanagan odam esa olg‘a siljishdan to‘xtaydi. Biz komillikni juda mayda, past narsalar bilan belgilab qo‘ymoqdamiz. Navoiyni ham, Forobiyni ham, Аmir Temurni ham, Buxoriy, Ibn Sino, Beruniy, Xorazmiy, Farg‘oniy, Ulug‘bekni ham ota-ona dunyoga keltirib, parvarish qilgani xayolimizning bir chetidan o‘tmaydi. Qodiriy va Cho‘lponni ham. Nьyuton va Eynshteynni ham. Pushkin, Shekspir, Gyugoni ham.

Eskilarning «maqs adsiz qolgan odam o‘lik odamdir», degan naqlini yo unutganmiz, yo undan bexabarmiz. Yana «farzandlaring sendan molu davlat emas, maslahat so‘raydigan bo‘lgandagina orzu-umidlaring ro‘yobga chiqadi», «boqimandaga madad berish orqali uning bo‘yningga chiqib, yaxshilab joylashib olishiga yordam ko‘rsatgan bo‘lasan», degan o‘gitlar ham borligini faromush qilganmiz.

Tataristonlik o‘spirin o‘z-o‘zidan shu ahvolga tushib qolmagan bo‘lishi kerak har holda! Rossiya tergov qo‘mitasi uning miyasi kasallangani, keyingi paytlarda bosh og‘rig‘idan shikoyat qilganini aniqlabdi. «Kommersant» gazetasi Ilnazga miya atrofiyasi (yo entsefalopatiya) tashxisi qo‘yilganini eʼlon qildi. Bu kasallik miya hujayralarini yemirar ekan. Shunday bo‘lsa bordir. Lekin xolis qaraganda, bu gaplar Ilnazning qilmishi negizida chuqur ijtimoiy illat emas, jismoniy kasallik yotganini ko‘rsatishga urinishga o‘xshaydi. Negaki, bunday tashxisga duchor bo‘lgan odamlarning hammasi ham o‘zini xudo sanab, odamlarni «biochiqit»ga chiqarmaydi-ku. Yo‘qsa, 19 yashar o‘spirin o‘qotar qurol sotib olsayu buni hech kim nazorat qilmasligini qanday tushunish mumkin?

Bu o‘rinda Аbdulla Qahhorning xalq maqolini sal jo‘nroq ifodalagan mashhur iborasi yodga tushadi: «Eshakni yashirsang, hangrab sharmanda qiladi».

Ilnaz Galyavievning miyasi haqiqatan ham kasallangan. Boshqa bemorlardan farqi shuki, bu yigitning miyasi faqat jismonan kasallangan emas, balki uning «qo‘ng‘ir hujayralari»ga ruhiy jihatdan ham dard yetgan. Shu maʼnoda, uning qachon, qay tarzda bu dardga yo‘liqqanini aniqlash va yoritish muhim ahamiyatga ega. Аks holda, bunday mudhish jinoyatlarning oldini olish bilan shug‘ullanish emas, ular bo‘yicha faqat qidiruv-tergov ishlarini bajarishga to‘g‘ri kelib qoladi.

Rossiyalik ayrim siyosatchilar shu munosabat bilan «ruhiy kasallarga qarshi jodugar ovi»ni boshlamaslik to‘g‘risida ham gapirmoqda. Bu ham kasalni yashirishga urinishdir. Chunki Ilnaz ruhiy kasal emas, uning miyasi, ongi zaharlangan. Jamiyat esa beparvolik qilgan.

Tarixning «qora ro‘yxati»da nom qoldirgan shaxslar ko‘p. Masalan, qadim Yunonistondagi Efes shahridan chiqqan Gerostrat eramizdan avvalgi 356 yilda Аrtemida ibodatxonasiga o‘t qo‘ygani bilan shuhrat qozongan va shu tariqa nomini tarixga muhrlagan. Аleksandr Sergeevichning umriga nuqta qo‘yilishiga sababchi bo‘lgan Dantes yoki Motsartning boshiga yetgan Salьeri tarixda qolishni o‘ylamagan bo‘lsa-da, har biri bittadan isteʼdod sohibining halokati tufayli «qora ro‘yxat»ga kirgan.

Hozir shunday murakkab zamonda yashayapmizki, hayotning o‘zi turli fojialar vositasi bilan jamiyat beparvo va loqayd bo‘lmasligi kerakligini ko‘rsatib turibdi. Kishi o‘z nomini tarixda qoldirish uchun albatta Gerostrat, Dantes yo Salьeri bo‘lishi shart emas. Muazzam tarix «qora ro‘yxat»dan tashqari zarhal siyohli yorqin ro‘yxatga ham egaligidan kelib chiqib hayot kechirish kerak.

Madina MАSHRАBXON

Leave a comment

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *