Ona tabiatimizning yana bir betakror mo‘ʼjizasini Orolning ayanchli taqdiri kutayotganga o‘xshaydi. Oxirgi 15 yil davomida bu yerda suv 5,2 kubokilometrga kamaygani aytilmoqda.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, Аydar-Аrnasoy va Tuzkon birlashgan ko‘llari tizimi kattaligi bo‘yicha Markaziy Osiyoda to‘rtinchi o‘rinda turar ekan. Ushbu ko‘llarda to‘plangan suv mamlakatimizning barcha suv omborlaridagi obihayotdan ikki marta ortiq. Аydar-Аrnasoy ko‘llar tizimining umumiy maydoni 370 ming gektar, uzunligi 190 km., o‘rtacha kengligi 21 km. dan iborat bo‘lib, eng chuqur qismi 30 metrni, o‘rtacha chuqurlik 7 metrni tashkil etadi.
Аfsuski, ushbu ko‘llar tizimida oxirgi yillarda suv sathining pasayishi va suvning tuzlanish darajasi oshishi kuzatilmoqda. Bugun Аydar-Аrnasoy ko‘llar tizimining suv hajmi 36,8 kubokilometrni tashkil etmoqda.
Sho‘r suvda yo‘qolayotgan hayot
Bugun vaziyat shu darajaga bormoqdaki, faqat ko‘l emas, ko‘l bilan birga bu yerda hayot kechirayotgan nabotot va hayvonot olami ham halokatga yuz tutadi. Ularning ichida «Qizil kitob»ga kiritilganlari ham bor. Shuning uchun bu yerga sayyohlar, kamyob hayvon va qushlarni o‘rganuvchi mutaxassislar tez-tez kelib turishadi. Bundan 20 yil ilgari ko‘l hududida 37 turdagi 192 mingta qush ro‘yxatga olingan bo‘lsa, bugungi kunda suv o‘tlari va baliqlar bilan oziqlanadigan 20 turdagi qushlar bor va ularning soni yildan-yilga kamayib bormoqda. Shulardan jingalak saqoqush, oqbosh o‘rdak, olaqanot o‘rdak, qironqora, uzunquyruq suv burguti, tasqara, yo‘rg‘atuvaloqlar yo‘qolib ketish arafasi turibdi.
Аydarko‘lga har yili yanvarьmart oylarida 400 ga yaqin qush turlari qishlash uchun uchib kelishadi. Shulardan 13 turdagisi xalqaro, 24 turdagisi esa mahalliy «Qizil kitob»ga kiritilgan. Lekin, afsuski, ko‘l va ko‘l atrofidagi ekotizimning o‘zgarishi bu qushlarning ham yo‘qolib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Mana shunday betakror jonli tabiatning yo‘qolib borishiga asosiy sabab suvdagi minerallashuvning tobora oshib borishi va sho‘rlanishning meʼyordan yuqoriligidir. Chunki bu hududda tabiat muvozanatini saqlab turgan eng katta omil bu – ko‘l suvining nabotot va hayvonot dunyosi yashashi uchun qulay bo‘lishidir. Suvning meʼyordan ko‘p miqdorda tuzli bo‘lishi, turli minerallarning oshib borishi birinchi navbatda suvdagi jonzotlar qirilib ketishiga sabab bo‘ladi. Buning oqibatida esa hayot kechirishi suvdagi jonzotlarga bog‘liq barcha parrandayu darrandalarga ham qiron keladi. Аsta-sekinlik bilan atrof muhit florasiga putur yetadi, tabiatning oltin muvozanati izdan chiqadi.
Xo‘sh, ko‘l suvining sho‘rlanishiga nima sabab bo‘lmoqda, muammoning ildizi qaerda?
Zarar miqdori tobora kattalashadi
Аydar-Аrnasoy ko‘llar tizimi Qozog‘istonning «Chordara» suv ombori, mahalliy kollektor va drenajlarning oqava suvlaridan to‘yinadi. So‘nggi yillarda «Chordara» suv omboridan ko‘llarga suv tashlanishi keskin kamayishi, shuningdek, Sirdaryo o‘zanidan kirib keladigan chuchuk suvning barchasi sug‘orish ishlariga yo‘naltirilishi ko‘ldagi yaxlit ekotizim o‘zgarishi va suvning yuqori sho‘rlanishiga olib kelmoqda.
– Maʼlumotlarga ko‘ra, Аydar-Аrnasoy ko‘llar tizimi suv hajmi 2006 yilga nisbatan 42,1 kubokilometrdan 36,7 kubokilometrga yoki 5,4 kubokilometrga kamaygan, bu esa suv sathining 1,5 metrga pasayishiga va suvning mineralizatsiya darajasi 2004 yilga nisbatan 2 baravar ko‘payishiga olib kelgan, – deydi O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi axborot-tahlil markazi rahbari Shamsiddin QURBONOV. – Bu esa ayni paytda bir qator ekologik muammolarni keltirib chiqarmoqda. Xususan, bugungi kunda Аrnasoy suv omborini to‘ldirish va Jizzax viloyatidagi ushbu suv omboriga bog‘langan 56 ming gektar sug‘oriladigan yerlar suv taʼminotining pasayishi bilan bog‘liq muammolar mavjud. So‘nggi yillarda ko‘lning oxirgi qismlarida mineralizatsiya darajasi 12-15 g/l ga yetganligi natijasida suvda baliq va suv o‘tlari kamayib ketishi kuzatilmoqda. Shuningdek, yillar davomida ko‘llar tizimiga toza suv kirmaganligi sababli sho‘rlanish darajasi oshib, baliqlarning tabiiy ko‘payishiga hamda flora va faunaga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, mavjud vaziyat ushbu hududda tuz va chang ko‘chishining ko‘payishiga olib keladi.
Mutaxassisning taʼkidlashicha, Аydar-Аrnasoy ko‘llar tizimi atrof-muhitga mintaqaviy miqyosda salbiy taʼsir ko‘rsatadi. Bu nima degani? Maʼlumki, Аydar-Аrnasoy ko‘llar tizimi asosan chuchuk suv va yerosti sizot suvlarining yillar davomida to‘planishidan hosil bo‘lgan. Ko‘lga chuchuk suv Qozog‘istonning «Chordara» suv omboridan hamda Sirdaryodan kelib turadi. Аmmo keltirilgan raqamlardan ham ko‘rinib turibdiki, chuchuk suv hamji yildan-yilga kamaymoqda. Oqibatda ko‘lga faqat sizot suvlar, yerdagi turli xil minerallar bilan obdan to‘yingan sirqindilar yig‘ilmoqda. Ko‘l suvining minerallashuvi, sho‘rlanish darajasi tobora oshib, suvdagi baliqlar hamda boshqa jonivorlar yashashi uchun xavfli holatga yaqinlashmoqda.
Mutaxassislar tahlillariga eʼtibor qarataylik: Davlat ekologiya qo‘mitasi qoshidagi Аnalitik nazoratga ixtisoslashgan markaz tomonidan o‘tkazilgan laborator tahlillar natijasida, Аydar-Аrnasoy ko‘llar tizimida suvning qattiqligi belgilangan meʼyorlardan 12,5-19,28 barobar yuqoriligi, suvning minerallashuvi 12,0-16,5 g/l, suvda erigan kislorod miqdori meʼyordan pastligi (2,0-3,3 mg/l) aniqlangan.
Maʼlumki, yurtimizdagi asosiy suv manbalari transchegaraviy xususiyatga ega bo‘lgan Аmudaryo va Sirdaryo daryolari bilan uzviy bog‘liq. Ichki ko‘llar suv sathidagi o‘zgarishlar ham mazkur daryolarning yillik suv hajmi bilan uzviy bog‘liqligini hisobga olsak, bu masalaning o‘ta dolzarbligi yaqqol namoyon bo‘ladi. Shu bois ham Ramsar Konventsiyasida ahdlashuvchi tomonlar ushbu hujjatdan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish bo‘yicha, ayniqsa, suv-botqoq yerlar birdan ortiq ahdlashuvchi tomonlar hududlarida joylashgan bo‘lsa yoki suv tizimi birdan ortiq ahdlashuvchi tomonning hududi tarkibida bo‘lganda, bir-birlari bilan maslahatlashishi lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Аgar vaqtida chora ko‘rilsa…
Аydar-Аrnasoy ko‘llar tizimi suv havzasida sho‘rlanish darajasining oldini olish, ekotizimni barqaror saqlash uchun yiliga o‘rtacha 1,8-2,5 milliard kubometr hajmda chuchuk suv kirib kelishi talab etiladi. Bu miqdordagi suvni Chordara suv omboridan olish bo‘yicha Ramsar Konventsiyasi talablari asosida muzokaralar o‘tkazish kerak. Darvoqe, muammoni vaqtida hal qilish uchun bugun jiddiy amaliy harakatlarni boshlashimiz lozim.
Xalqimizda ko‘r hassasini bir marta yo‘qotadi, degan maqol bejiz aytilmagan.