Davlat bojxona qo‘mitasining tezkor tuzilmalari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda respublika hududiga tranzit ravishda olib kirilib, qo‘shni davlatga olib chiqilishi rejalashtirilgan tovar-moddiy boyliklarni ichki hududda tushirib qoldirilganligi fosh qilindi.
Birlashgan Arab Amirliklaridan yuk avtotransport vositasida keltirilayotgan, hujjatlarga ko‘ra 48 ming 341 AQSH dollari qiymatidagi salkam 26 tonna og‘irlikdagi parfyumeriya vositalari dastlab Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi “Olot” chegara-bojxona posti orqali respublikamiz hududiga kirgan.
Tranzit tarzida harakatlanayogan mazkur yuklar qo‘shni davlatga chiqishi uchun Farg‘ona viloyatidagi “O‘zbekiston” chegara bojxona postiga yo‘naltirildi.
Tezkor ma’lumotlar asosida mazkur yuk avtotransport vositasi Toshkent viloyatining Angren shahri hududida bojxona xodimlari tomonidan to‘xtatilib, belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi. Natijada, tegishli hujjatlarga muvofiq avtomashinaga ortilgan parfyumeriya vositalarining katta qismi yo‘l davomida tushirib qoldirilganligi ma’lum bo‘ldi.
Olib borilgan tezkor-qidiruvdan so‘ng parfyumeriya tovarlari poytaxtimizning Sergeli tumanidagi omborlardan biriga noqonuniy ravishda tushirib qoldirilganligi aniqlandi.
Mazkur tezkor tadbir natijasida sifatini va bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 95 ming 577 dona parfyumeriya vositalarining yashirin aylanmasiga chek qo‘yildi.
Qiymati salkam 15,3 mlrd. so‘mni tashkil qilgan mazkur tovarlarning egasi aniqlanib, ushbu shaxsga nisbatan tegishli prosessual xujjatlar rasmiylashtirildi.
Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.