Shimoliy Koreya Janubiy Koreya bilan urush tugaganini e’lon qilishga hali erta deb hisoblaydi. Bu haqda Shimoliy Koreya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Li Txe Son ma’lum qildi — deya yozmoqda ‘Daryo.uz’.
«Asl vaziyat urushni tugatish to‘g‘risidagi deklarasiyani qabul qilishga erta ekanini isbotlamoqda», — dedi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari.
Li Txe Son urushning rasmiy yakunlanishi Koreya yarimorolida tinchlik o‘rnatish uchun muhim bosqich ekanini ta’kidladi. Ammo Pxenyan yaqinda AQSH va Avstraliya o‘rtasida tuzilgan suvosti kemalari haqidagi kelishuvni hushyorlik bilan kuzatmoqda, deya davom etdi u.
Bundan tashqari, Li Txe Sonning aytishicha, Shimoliy Koreya shu yilning fevral va avgust oylarida o‘tkazilgan qit’alararo Minuteman-3 ballistik raketasining sinovidan, shuningdek, AQSHning Yaponiya va Janubiy Koreya bilan milliardlab dollarlik harbiy texnika yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzganidan xavotirda. Ushbu qurollar KXDRga tahdid solishiga vazirlikning ishonchi komil.
«Urush tugaganini shunchaki e’lon qilish KXDRga nisbatan dushmanlik siyosatidan voz kechishga olib kelishiga hech qanday kafolat yo‘q», — dedi u.
Avvalroq Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In BMT Bosh assambleyasining 76-sessiyasidagi nutqida Koreya urushi tugaganini e’lon qilishni taklif qilgandi. Uning fikricha, Xitoy va AQSH shartnoma tuzilishiga yordam berishi kerak. Vashington bu masalani o‘rganish ustida ish boshlaganini aytdi.
Keyinroq Koreya Mehnat partiyasi markaziy qo‘mitasi bo‘lim mudiri o‘rinbosari, Shimoliy Koreya rahbarining singlisi Kim Ye Chjon Pxenyan Seul bilan Koreyalararo urushning rasman tugagani to‘g‘risida konstruktiv muloqotga tayyor ekanini aytdi.
KXDR markaziy telegraf agentligi tomonidan chop etilgan maqolada u Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje Inning 1950-53 yillardagi Koreya urushi tugaganini e’lon qilish haqidagi so‘nggi taklifini «qiziqarli va yaxshi g‘oya» deb bilishini aytdi.
«Janubiy Koreya dushmanlik qilmasa, bizga nisbatan ig‘vo qo‘zg‘atmasa, qo‘sh standartlar bilan o‘jarlik ko‘rsatmasa, hammadan va hamma narsadan ayb qidirishini o‘tmishda qoldirsa, buyog‘iga har bir so‘zi va harakati haqida oldindan o‘ylasa, biz doimiy yaqin muloqotda Koreyalararo aloqalarni tiklash va rivojlantirish istiqbollarini konstruktiv muhokama qilishga tayyormiz», — dedi Kim Yo Chjon.
Ikki Koreya urushi uch yildan ko‘proq davom etgan — 1950 yil iyun oyining oxiridan 1953 yil iyul oyining oxirigacha, lekin tinchlik shartnomasi hali rasman imzolanmagan, mamlakat 53 ta parallel bo‘yicha Shimoliy va Janubiy Koreyaga bo‘lingan. Unda KXDR tomonidan SSSR va Xitoy ishtirok etgan, Janubiy Koreyaga AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Gollandiya va boshqa Gʻarb davlatlari yordam bergan.