Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Daut-ota” chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatga chiqib ketayotgan fuqaro N.I. boshqaruvidagi “FORD TRANZIT” rusumli yuk avtotransport vositasi bojxona nazoratidan o‘tkazildi.
Natijada, avtomashinada jami 3 dona ikki taraflama ochiladigan, o‘yma naqshlar tushirilgan yog‘och eshiklar borligi aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan taqdim etilgan ekspertiza xulosasiga ko‘ra, gulli o‘ymakor naqshli qo‘l sanʼati mahsuli hisoblangan ushbu eshiklar Buxoro va Xorazmlik ustalar tomonidan “ubaydiy” uslubida XIX asrda yaratilgan bo‘lib, ularni respublikamiz hududidan olib ketish man etiladi.
Hozirda ushbu madaniy meros Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati muzeyiga topshirilgan bo‘lib, aniqlangan huquqbuzarlik holati yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.