Haqqimga qoʻl uzatsam qoʻllarimni chopdilar…

Samarqandda 13 nafar fuqaro xonadonida tabiiy gaz yoʻqligidan norozi boʻlib, yoʻlning qatnov qismiga chiqib, toʻsib qoʻygani uchun ularga sud hukmi oʻqilibdi. Ikki nafariga qamoq jazosi, 11 nafariga esa jarima jazosi tayinlanibdi.

Nima ham derdik. Yashasin dunyodagi eng odil sud!..

Maʼlum qilinishicha, ular yashaydigan mahalla 2015 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori asosida tabiiy gaz tarmogʻidan uzilib, suyultirilgan gaz ballonlari bilan taʼminlanishi yoʻlga qoʻyilgan.

Oxirgi marotaba mahallaga 29 iyul kuni suyultirilgan gaz ballonlari tarqatilgan.

Biz qanday zamonda yashayapmiz oʻzi? Axir inson oʻz haqqini soʻrab chiqsa, uni jarimaga tortishsa, qamoqqa tiqishsa? Bu nima degan gap? Yangi Oʻzbekistonda yangicha yashaymiz deyilgan gaplar hammasi choʻpchak boʻlib chiqdimi?

Bu hali hammasi emas. Avvalroq Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida elektr taʼminotidan norozi boʻlib, 50 dan oshiq fuqaro «Afrosiyob» poyezdi yoʻlini toʻsishgan edi. Ularning 13 nafari esa sudga chaqirilgani haqida maʼlum qilingan edi.

Bu kabi holatlar sanasangiz bisyor. Rostmana elektr va gaz yetib bormayotgan manzillar bisyor.

Toʻgʻri, bunday yoʻl bilan kimlarningdir tinchini buzish qonunga zid. Qonunni buzganlarga esa, jazo muqarrar. Ammo shu bilan muammo hal boʻldimi? Endi bu ish hecham takrorlanmaydimi? Hamma gap mana shu savollarda!

Bu odamlarni qamash, jarima qilish bilan muammo nafaqat hal boʻlmaydi, aksincha yanada koʻpayib, chigallashadi. Xalqda norozilik kayfiyati zimdan ildiz ota boshlaydi. Axir u bechoralar koʻchaga hangomatalab uchun yoki bekorchilikdan chiqmayapti. Ular jonidan oʻtganidan, qiynalganidan shu yoʻlni tanlayapti.

Prezident toʻrtta sektor xalq holidan doimiy xabardor boʻladi. Har hafta hisobot topshiradi. Bittadan yon daftar tutib yozib boradi degan edi. Xalq esa «ana endi biz yoyilib yashaymiz», deb havas qilgandi. Biroq bunday boʻlmadi. Joylarda hokimlar oʻzi bilan uch-toʻrt chogʻli shotirlari bilan bir joyga boradi, ninadek narsa bersa otdek qilib koʻrsatish uchun yuzlab rasm tushiriladi. Bechora kambagʻal olganiga xijolat tortib ketadi. Qishloqlarda gaz ballonlari yetishmaydi. Allaqachon gazning hidi ham kelmay qolgan trubalarni esa qaysidir «tadbirkor» hokimdan arizasiga qoʻl qoʻydirib, albatta, haqqini toʻlab kesib ketmoqda. Soʻrasangiz hamma bundan bexabar. Maʼlum vaqt oʻtganidan soʻng qurilish mollari sotiladigan doʻkonlarda oʻsha trubalar sotuvga qoʻyilganiga guvoh boʻlasiz.

Ha, kelmayotgan, berilmayotgan gazdan ham «pul qilish» shunday boʻlsa kerak. Xalq esa qish kelayotganidan xavotirda. Biroq hali qish kelmasdan mana shu kecha-kunduzda elektr energiyasidagi uzilishlar sabab zim-ziyo xonada oʻtirganlar qancha?..

Hokimiyatdagilar, hududgaz, hududiy elektr tarmoqlari uchun esa goʻyoki hammasi – olam guliston.

Xalq oldiga borib, «meni saylang» deb yurgan nomzodlar esa bu orada quruq vaʼdalar berish bilan band: gaz beramiz, elektr beramiz… Yaxshisi xalqqa sigir beringlar, tezagini qishga ishlatadi.