Vaksina olgan sirtqi yoki kechki ta’limda o‘qiyotgan talabalarga ham kontrakt to‘lovida 10 foizlik chegirma beriladi. Bu haqda Oliy ta’lim vazirligi xabar berdi.
«Ko‘pchilik talabalar va ularning ota-onalari hamda oliy ta’lim muassasalari rektorlarining murojaatlaridan kelib chiqib, oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining sirtqi yoki kechki ta’lim shakli bo‘yicha bazaviy to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan va tahsil olayotgan hamda 2021 yil 1 noyabrga qadar koronavirus infeksiyasiga qarshi emlangan (vaksina olgan) talabalarga 2021/2022 o‘quv yili uchun belgilangan stipendiyasiz bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorlariga bir martalik 10 foiz chegirma (bonus) berilishi belgilandi», deyiladi xabarda.
Avvalroq vaksinasiya qilingan to‘lov kontrakt asosida o‘qiydigan talabalarga 2021−2022 o‘quv yili uchun bazaviy to‘lov kontraktiga 10 foiz miqdorida chegirma bonusi berilishi haqida xabar berilgandi. Keyinroq bu tartib faqat kunduzgi ta’limda o‘qiyotgan talabalarga amal qilishi ma’lum bo‘lgandi.
Ma’lumot uchun, bu yil bakalavriatning sirtqi shakliga 37,6 ming, kechki shakliga 6,5 ming nafar, kunduzgi shaklga esa kamida 113,5 ming nafar talaba qabul qilingan.