Prezident Shavkat Mirziyoyev andijonlik saylovchilar bilan uchrashuvda 2017 yili mudofaa vaziri Qobul Berdiyevni nega ishdan olgani haqida aytib berdi.
«Prezident bo‘lganimning ilk yilida bir harbiy qismga bordim, desantchi askarlar bilan suhbatlashdim. Qoida bo‘yicha desantlar tez-tez parashyutda o‘quv mashg‘ulotlarini olib borishi kerak. Lekin bir askardan «oxirgi 1 yilda necha marta parashyutdan sakragansan?» deb so‘rasam, «O‘rtoq bosh qo‘mondon, bir marta ham sakramadim, chunki parashyut yo‘q», deya ta’kidladi Mirziyoyev.
«Kattaqo‘rg‘ondagi harbiy qismda tank haydashni bilmaydigan mexanikni ko‘rdim. Iya, bu qanaqasi? Shundan so‘ng mudofaa vaziri Qobul Berdiyevni ishdan oldim», deya qo‘shimcha qildi u.
So‘nggi vaqtlarda davlat rahbari joylarda saylovchilar uchrashish davomida odamlarni o‘ylantirib turgan muammolar qatorida hatta OAV ham ko‘pda yoritmaydigan «nozik sir»lar haqida ham gapiryapti. Samarqandda prokuratura faoliyati bilan bog‘liq jiddiy gaplar yangragan edi. Afg‘oniston chegarasida namanganlik askar vafot etgani haqida ham birinchi bo‘lib davlat rahbari og‘iz ochdi. Ungacha hech kim indagan emas. Bugun navbat mudofaa tizimiga yetdi.
Nima deb o‘ylaysiz, saylov o‘tguniga qadar yana qanday sirlar ochiladi, qaysi rahbarlar ishdan ketadi?
Darvoqe, O‘zbekistondagi ikki nafar general polkovnikning biri hisoblangan Qobul Berdiyev shu vaqtga qadar O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i vazifasida ishlab kelayotgan edi. Ammo Akademiyaning rasmiy saytida bu haqda ma’lumot topilmadi.
Qiziq, Prezident tanqididan keyin rahbariyat saytdan olib qo‘yildimi yoki avvaldan qo‘yilmaganmidi, noma’lum.