Toshkent shahrida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari hamda tibbiy buyumlarini noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olindi. Bu haqda Prokuratura departamenti xabar bermoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uchtepa tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, “B” MCHJ rahbari Sh.S., dorixona norasmiy sotuvchisi K.X.lar fuqaroga kuchli ta’sir qiluvchi 2 dona Tropikamid” va 5 dona “Regopen” dori vositalarini jami 300 ming so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan
Xuddi shunday, Departament hamda DXXning Yashnobod tuman bo‘limlari tomonidan IIBB bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqarolar R.N., M.A. qonunga xilof ravishda “Tropikamid” dori vositasining har birini 7,5 AQSH dollaridan baholab, fuqaroga 450 donasini 3 375 AQSH dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dallillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departamentning Shayxontohur tuman bo‘limi tomonidan DBQ va IIV xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, “U” MCHJ raxbari U.E. va ishchisi F.Gʻ.lar fuqaroga har bir rentgen plyonkalarini 70 AQSH dollaridan hisoblab, jami 280 donasini 19 600 AQSH dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizasiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini resept bo‘yicha chakana realizasiya qilish tartibini buzish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.