Shimoliy Koreya qachon Seul bilan aloqalarni qayta tiklaydi?

Kim Chen In Janubiy Koreya bilan aloqalarni qayta tiklashga tayyorligini maʼlum qildi. Bu haqda “Renxap” nashriga tayanib, “Zamon.uz” yozmoqda.

Shu mazmundagi bayonot bilan u KXDR Oliy Xalq Majlisining beshinchi sessiyasida chiqish qilgan. Maʼlum qilinishicha, Seul va Pxenyan o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa tizimi oktabr boshlaridayoq qayta tiklanishi mumkin. Kim Chen Inning so‘zlariga ko‘ra, bu Koreya yarimorolidagi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilanishiga va tinchlik o‘rnatilishiga olib keladi.

Shuningdek, KXDR yetakchisi AQSH bilan munosabatlarga to‘xtalib o‘tdi. U Vashingtonning muloqotga oid taklifini rad etib, buni dushmanlikni yashirishga qilingan harakat sifatida baholadi. Kim Chen In AQSH  Shimoliy Koreyaga nisbatan munosabatini o‘zgartirmaganini taʼkidlagan.