Joriy yil 1-oktyabr kuni soat 16:50 lar atrofida Mudofaa vazirligining Boʻstonliq tumani Chorbogʻ qoʻrgʻonida joylashgan harbiy qismning bir guruh harbiy xizmatchilari oʻz xizmat vazifalarini bajarish uchun ketayotib, Toshkent—Sijjak yoʻnalishidagi avtomobil yoʻlining yoqasida ikki nafar fuqaro oʻzaro janjallashayotganiga guvoh boʻlishgan. Bu haqda bizga Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.
Harbiy xizmatchilar zudlik bilan mashinani toʻxtatib, ularga yaqinlashganida fuqarolardan biri jarohatlangan, ikkinchisining qoʻlida oʻtkir tigʻli pichoq borligini koʻrishadi. Ular har ikkala fuqaroni bir-biridan uzoqlashtirib, qoʻlga olishadi va jarohatlangan fuqaroni Chorbogʻ tez tibbiy yordam boʻlimiga, ikkinchisini esa Ichki ishlar boʻlimiga olib borgan.
Dastlabki soʻrov natijasida olingan maʼlumotlarga koʻra, 1995-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan fuqaro S.M., 1989-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan A.P.ga tegishli boʻlgan avtomobilda yoʻlovchi sifatida Chorbogʻ qoʻrgʻonida joylashgan “Bochka” nomli oshxonaga olib borib qoʻyishi uchun 200 ming soʻm pul evaziga kelishgan. Manzilga yaqin kelganda fuqaro S.M. Toshkent—Sijjak yoʻlining xilvat joyida mashinani toʻxtatishni va shu yerga yana bir hamrohi kelishilgan pulni olib kelib berishini aytadi. Bir oz vaqt oʻtgach, oʻzaro suhbatlashish jarayonida mashinaning orqa oʻrindigʻida oʻtirgan S.M. fuqaro A.Pga toʻsatdan pichoq bilan hujum qilib, uning gavdasini orqa qismi va bel sohasiga tan jarohati yetkazgan. A.P. oʻzini himoya qilish maqsadida mashinadan tushib qochayotgan vaqtida harbiy xizmatchilar kelib qolgani maʼlum boʻldi.
Holat yuzasidan ichki ishlar boʻlimi xodimlari tomonidan dastlabki surishtiruv-tergov harakatlari olib borilmoqda.