6 oktyabr kuni soat 6:20 larda “Qamchiq” dovonining 199 km.da “Vodiy-Toshkent” yo‘nalishida harakatlangan “Spark” rusumli avtomobil haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l o‘rtasidagi temir to‘siqqa urilgan, uning ortidan kelayotgan, “Gentera” avtomobili “Spark”dan qochaman deb, shuningdek, yana “Cobalt” va “Gentera” rusumli avtoulovlar ham YTHga uchragan. Bu haqda FVV xabar bermoqda.
Zudlik bilan “Qamchiq” MQYOQB qutqaruvchilari, tez tibbiy yordam, Yo‘l patrul xizmati, “Qamchiqavtoyo‘l” Ixtisoslashgan yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi xodimlari voqea joyiga yetib borgan. Qutqaruvchilar jarohat olgan fuqarolarni avtomoshinalar ichidan chiqarib olishgan.
“Spark” avtomobilining salonida haydovchi va 1 nafar yo‘lovchi bo‘lib, yo‘lovchi tan jarohati olgan, shuningdek, “Cobalt” avtoulovining haydovchisi o‘ng qo‘l sinishi tashhisi bilan Angren shahar Markaziy shifoxonasiga yuborilgan. Hozirda shifokorlar ularning ahvoli yaxshilanganini bildirishdi. Qolgan avtoulovdagi yo‘lovchi va haydovchilar yengil tan jarohati olgani sabab ularga shu joyning o‘zida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Avtomobil haydovchilari noqulay ob-havo sharoitini inobatga olmay, tezlikni oshirib haydashi oqibatida ushbu yo‘l-transport hodisasi yuz bergan.