AOKAda Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi boshqarma boshlig‘i Abbos Akramov ishtirokida brifing o‘tkazildi. Brifingda davlat xizmatiga ochiq tanlovlar asosida ishga qabul qilishning tashkil etilishi haqida maʼlumot berildi.
Joriy yilning 1 oktyabr holatiga, respublikaning 60 dan ortiq vazirlik va idoralari hamda barcha tuman (shahar) hokimliklardagi 13 827 ta vakant lavozimlar bo‘yicha tanlovlar eʼlon qilinib, jami 212 mingdan ziyod nomzod tomonidan tanlovda ishtirok etish uchun hujjat topshirilgan.
Vazirlik va idoralar kesimida eng ko‘p Davlat soliq qo‘mitasi tizimida 2 243 ta, Xalq taʼlimi vazirligi tizimida 1 915 ta va Moliya vazirligi tizimida 1 698 ta tanlovlar o‘tkazilgan.Tuman va shahar hokimliklari tizimida – 850 ta vakant lavozimlarga ochiq tanlov eʼlon qilindi.
Hududlar kesimida, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 491 ta, Andijon viloyati 1 137 ta, Buxoro viloyatida 980 ta, Jizzax viloyatida 905 ta, Qashqadaryo viloyatida 876 ta, Navoiy viloyatida 1 242 ta, Namangan viloyatida 886 ta, Samarqand viloyatida 1 254 ta, Sirdaryo viloyatida 1 093 ta, Surxondaryo viloyatida 726 ta, Toshkent viloyatida 1 127 ta, Farg‘ona viloyatida 749 ta, Xorazm viloyatida 641 ta, Toshkent shahrida 670 ta hamda vazirlik va idoralarning markaziy apparatidagi 1 050 ta vakant o‘rin uchun tanlovlar o‘tkazilgan.
Tanlovlar yakunida 3 485 nafar (35 %) malakali nomzodlar davlat xizmatiga ishga qabul qilingan.
Ushbu davlat xizmatiga qabul qilingan tanlov g‘oliblarining 969 nafari (29 %) — 30 yoshgacha bo‘lgan, shuningdek, 461 nafari (14 %) davlat xizmatiga birinchi marotaba qabul qilingan nomzodlarni tashkil etadi.