Xalq orasida bir gap tarqaldi. Benzin narxi yana ko‘tarilganmish. Bu mish-mish emas, haqiqat.
Tahlilarga ko‘ra, bugungi kunda Brent markali neftning jahon birjalaridagi kotirovka narxlari oshib, 1 barreli uchun 80-81 AQSH dollarni tashkil etgan bir vaqtda, AYOQSH larda 1 litr asosiy ishlab chiqariladigan Ai-80 avtobenzini 5 800 – 6 100 so‘m chakana narxlarda sotilmoqda.
To‘g‘risi, narx oshishidan xalq bezillab qoldi. Yaqinda o‘simlik yog‘i deyarli ikki barobar qimmatlashgani hammamiz uchun yoqimsiz yangilik bo‘lgandi. Sentyabrdan oylik maoshlar 10 foizga oshadi, degan qonun avgustda qabul qilingan bo‘lsa, bozordaga mahsulot narxi ertasigayoq ko‘tarilib ketdi. Biroq ishchilarga ko‘tarilgan oylik faqatgina sentyabr oxiri yoki oktyabr boshida to‘lab beriladi. Ungacha qariyb ikki oy mobaynida aholi 10 foiz qimmat narhda savdo qilishga majbur.
Yog‘ narxi “sakrash” bilan o‘sgan bo‘lsa, yonilg‘i narxi sekin-asta, biroq beto‘xtov qimmatlashib, havdovchilar uchun yoqimsiz bir muammoni tug‘dirmoqda. Shu bilan birga benzin narxi, umuman olganda yonilg‘ining kundan-kun qimmatlashib borishi aholi uchun ham cho‘ntakka zarar bo‘lmoqda.
O‘tgan yilning shu davrida benzin narxi o‘rtacha 4 ming so‘m edi, hozir esa 6 ming atrofida sotilmoqda. Bu degani bir yilda qariyb 50 foizga ko‘tarilgan. Vaholanki, bir yil mobaynida neft narxi keskin pasaygan vaqtlar ham bo‘ldi. Jumladan, karantin cheklovlari kuchaytirilgan davrda dunyodagi “qora oltin” omborlari mahsulotlarni sig‘dirolmay qolgani, benzin, dizelning bozori kasod bo‘lgani hech kimga sir emas. Biroq bizda, aksincha, benzin narxi oshishdan to‘xtamadi.
2021 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda benzin narxi 17 foizga qimmatlashdi. Davlat statistika qo‘mitasi o‘z hisobotida bu haqda maʼlum qilgan edi.
Iyun oyida benzin respublika bo‘yicha o‘rtacha 2,5 foizga, propan esa 8,7 foizga qimmatlashdi.
2020 yilning may oyi avvalida benzin va dizel yoqilg‘isi chakana narxlarining davlat tomonidan tartibga solinishi bekor qilingandi. Narxlarni erkin bozor belgilashi, neftni qayta ishlash zavodlari o‘z mahsulotlarini birja orqali sotishi belgilangandi. Xullas, bu jabhada ham bozor iqtisodiyoti qonun-qoidalari amal qila boshladi.
Bozor iqtisodiyoti, yaʼni barcha tadbirkorlarga teng imkoniyat berilgan va raqobat sharoitida tovarlar to‘lib-toshib ketishi va tabiiyki, narxlar arzonlashishi, xaridorlarda tanlash imkoniyati vujudga kelishi lozim edi. Talay davlatlarda shunday vaziyat yuzaga keldi. Lekin bizda, negadir, ayrim sohalarda bunday bo‘lmayapti. Holbuki, erkin bozorning yana bir afzalligi shuki, ishlab chiqaruvchilar, tijoratchilar isteʼmolchi manfaatlari, xohish-istagi bilan hisoblashishga majbur bo‘ladi.
O‘tgan yil oxirida Energetika vazirligi nima sababdan turli avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida benzin turli narxlarda sotilayotgani, shuningdek, import benzin O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotganiga qaraganda arzonroq ekaniga izoh bergan edi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi aʼzosi Rasul Kusherbayev iyun oyida benzin narxining qimmatlashuvi iqtisodiyotning barcha sohalarida narxlar oshishiga sabab bo‘lishini taʼkidlagan edi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AI-91 benzini AYOQSHlarda bir litr uchun 7200 so‘mdan sotilishni boshlagan. Iyun oxirida ijtimoiy tarmoqlarda Ai-80 benzini 6000 so‘m, Ai-92 — 7400 so‘m, Ai-95 — 7800 so‘mga oshgani haqidagi xabarlar paydo bo‘lgandi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Jizzax, Buxoro va Andijon viloyatlarida jami 185,7 milliard miqdoridagi neft mahsulotlari talon-toroj qilingani haqida xabar berganini eslab o‘tdi. Jumladan, Jizzax neft bazasida o‘rtacha qiymati 146 mlrd so‘m, Buxoro neft bazasida o‘rtacha qiymati 20,7 mlrd so‘m, Andijon neft bazasida o‘rtacha qiymati 19 mlrd so‘mlik neft maxsulotlari talon-taroj qilingan.
Bu yil ham Energetika vazirligi narxlar qimmatlashganiga aytarli izoh bera olmadi. Doimgidek ular aravani quruq olib qochishadi. Ularga narx ko‘tarilishi hech qanday ahamiyatga ega emas. Ularga yoqilg‘i g‘ami bormi. Davlat yoqilg‘i bilan taʼminlab qo‘ysa. Har doim jabr qora xalqqa, oddiy fuqaroga bo‘ladi.