Dubay valiahd shahzodasi Hamdan ibn Muhammad Al Maqtum yana Oʻzbekistondagi lochin oviga tashrif buyurdi.
Davlat ekologiya qoʻmitasi matbuot xizmati xorijliklarning Oʻzbekistonga ovga kelib ketishi yuzasidan maʼlumot berdi.
«BAA shayx va shahzodalari har yili respublikamizga sport va havaskorlik ov qilish maqsadida oʻzlari bilan shaxsiy ovga oʻrgatilgan lochinlarini olib kelib qaytarib olib ketishadi», deyiladi xabarda.
Shuningdek, qayd etilishicha, «Falcon Hunting Solutions» MCHJ koʻmagi bilan Birlashgan Arab Amirliklarining pitomniklarida sunʼiy yetishtirilgan Qizil kitobga kiritilgan kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostidagi yoʻrgʻa tuvaloq qushlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududiga introduksiya qilinib yovvoyi tabiatga ularning sonini koʻpaytirish maqsadida qoʻyib yuboriladi.
Misol uchun, oʻtgan 2019 yil mart oyida ham 2382 bosh yoʻrgʻa tuvaloq Qizilqum choʻli yalangliklariga qoʻyib yuborilgan edi. Joriy yil 3540 boshdan ziyod yoʻrgʻa tuvaloqlar qoʻyib yuborilgan.
Bundan tashqari, Buxoro viloyatida joylashgan qushlarni muhofaza qilish va koʻpaytirish Amirliklar markazi («Emirates Bird Breeding Center for Conservation») va Navoiy viloyatida joylashagan yoʻrgʻa tuvaloq qushlarini saqlash boʻyicha Amirliklar markazi («Emirates Center for Conservation of Houbara») tomonidan yetishtirilgan Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostidagi yoʻrgʻa tuvaloq qushlarining 2019 yilda 4132 donasi hamda 2020 yil 13 avgustga qadar 4069 donasi tabiatga qoʻyib yuborilgan.
Shu bilan birga, BAA dan 2020 yil 10 avgustda olib kelingan Qizil kitobga kiritilgan kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostidagi 64 ta lochin, 12 ta itolgʻilar tabiatga qoʻyib yuborilgan.
Taʼkidlanishicha, har yil Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosasini inobatga olgan holda hamda Vazirlar Mahkamasining kelishuvi asosida Davlat ekologiya qoʻmitasi tabiatdan yovvoyi hayvonlarni ajratib olish uchun kvota tasdiqlaydi. 2020 yilda yoʻrgʻa tuvaloqlarni ilmiy maqsadda tabiatdan ajratib olish uchun jami 357 dona kvota ajratildi. Bu son tabiatga BAA tomonidan qoʻyib yuborilayotgan sonning 10 foizini ham tashkil etmaydi.