YEXHT DIIHBning Oʻzbekiston prezidenti saylovini kuzatish missiyasi 15 sentyabrdan 5 oktyabrgacha boʻlgan davr uchun oraliq hisobotini eʼlon qildi.
Missiya aʼzolari saylovlar yangi demokratik va erkin Oʻzbekistonni yaratishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar sharoitida oʻtayotganini taʼkidladilar.
Har bir fuqaroning konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilgan, xususan, Oʻzbekistonda fuqarolarning xohish-irodasini mustaqil ifoda etishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida olib borilayotgan jiddiy ishlar qayd etilgan.
Hisobotda saylov kampaniyasining ochiqligi, nogironlar huquqlarining taʼminlanishi hamda ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar yaratilishi ijobiy baholangan
YEXHT DIIHB ijobiy oʻzgarishlar haqida gapirganda, quyidagilarga oʻz eʼtiborini qaratdi.
Birinchidan, toʻsqinliksiz saylovoldi tashviqotini oʻtkazish kafolatlarining kuchaytirilishi. Masalan, ilgari siyosiy partiyalar elektorat ishtirokida ommaviy tadbirlar oʻtkazishni mahalliy hokimiyat organlari bilan 30 kun oldin kelishib olishlari kerak boʻlgan boʻlsa, endi bunday tadbirlarni oʻtkazishdan kamida 3 kun oldin davlat tuzilmalariga xabar berishlari kifoya qiladi.
Ikkinchidan, saylovoldi tashviqoti paytida davlat xodimlarining har qanday siyosiy partiya yoki nomzod foydasiga yoki unga qarshi oʻz lavozimidan foydalanishiga nisbatan taqiqning joriy etilishi.
Uchinchidan, saylovda ishtirok etish uchun moliyaviy mablagʻlardan foydalanishning shaffofligi. Endi partiyalar saylov kunigacha MSKga oraliq hisobotni va ularga ajratilgan davlat mablagʻlari toʻgʻrisida yakuniy saylov hisobotini taqdim etishlari shart.
Toʻrtinchidan, saylovchilarni huquqiy himoya qilish kafolatlarining kuchaytirilishi. Yangi qonunchilikka koʻra, fuqarolar saylov komissiyalarining qarori yuzasidan oʻz shikoyatlari bilan sudga murojaat qilishlari mumkin. Ilgari fuqarolar faqat yuqori saylov komissiyalariga murojaat qilish huquqiga ega boʻlishgan. Bu nizolarni koʻrib chiqish jarayonini kechiktirgan.
Beshinchidan, fuqarolarning saylov huquqlarining kengaytirilishi. Endi chet eldagi Oʻzbekiston fuqarolari oldindan konsullik roʻyxatidan oʻtmasdan ovoz berishlari mumkin.