Rustam Azimov “katta sahna”ga qaytmoqdami? “Ko‘rinmay qolgan” sobiq bosh vazir o‘rinbosari ulkan o‘zgarishlarni e’tirof etib chiqdi

Birinchi Prezident davrida Rustam Azimov mamlakatda kuchli taʼsirga ega katta amaldor bo‘lgani hammamizga maʼlum. Ammo mamlakatdagi hokimiyat o‘zgarishlaridan keyin Rustam Azimov lavozimidan olinib, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan u boshqargan tizim – moliya va iqtisod sohasi qattiq tanqid qilingan. Shundan keyin Rustam Azimov deyarli ko‘rinmay kelayotgan edi.

Rasmiy OAV hisoblangan O‘zA hamda “Yangi O‘zbekiston” gazetalarida “O‘zbekinvest” eksport-import sug‘urta kompaniyasi” aksionerlik jamiyati bosh direktori vazifasida ishlab kelayotgan Rustam Azimovning so‘nggi besh yilda mamlakatda bo‘layotgan o‘zgarishlarni eʼtirof etib chiqish qilishi bejiz emas har holda.

“Yangi O‘zbekiston islohotlari — taraqqiyot va xalq farovonligi yo‘lida” sarlavhali maqolada “oxirgi 5 yilda davlatimizning yana-da rivojlanib, xalqimiz tinchlik va totuvlikda, barqarorlik va kelajakka ishonch bilan yashayotgani” eʼtirof etiladi.

Rustam Azimovning taʼkidlashicha, “Shavkat Miromonovich o‘zlarining metin irodalari tufayli juda to‘g‘ri va dono qaror qabul qildilar. Chunki, demokratiya bo‘lmagan davlatda rivojlanish bo‘lishi juda qiyin. Qo‘pol qilib aytganda, bir qushning qanotlarini kesib tashlasangiz, u uchmaydi. Demokratiya xalqimizning qanotlarni keng yoyib, parvoz qilishga, yaʼni ijodkorlik, tashabbuskorlik va yangilikka intilishga bo‘lgan xususiyatlariga keng yo‘l ochdi.”

O‘zbekiston Islom Karimov davrida tashqaridan qarz olish masalasiga juda ehtiyotkorona yondashgani maʼlum. Bu paytda prezident yonida bosh iqtisodchi sifatida Rustam Azimov turgan edi.

Ammo bugungi maqolasida Rustam Azimov tashqi qarz masalasida biroz boshqacharoq fikr bildirgan.

“…davlatimiz chetdan qarz olishga majbur. Olingan mablag‘lar eng katta to‘siq bo‘lib turgan masalalarni, jumladan, xalqimizni elektr, gaz va ichimlik suv bilan taʼminlash tizimini yangilashga, shuningdek, eski, buzilgan yo‘l va ko‘priklarni qayta taʼmirlashga hamda yangi yo‘llarni qurish, taʼlim va tibbiyot tizimlarini yaxshilash hamda zamonaviy sanoat korxonalarini qurishga ishlatilmoqda.

To‘g‘ri, qarz oshmoqda, lekin shu bilan birga iqtisodiyotimiz ham tez surʼatlar bilan o‘smoqda, o‘sayotgan iqtisodiyot esa, mening fikrimcha, bu qarzlarni o‘z vaqtida to‘lashga to‘liq imkoniyat beradi”, deya taʼkidlanadi maqolada.

“…mavjud tashqi va ichki tahdidlarni yengish uchun hammamiz nizo va adovatlardan yiroq bo‘lib, Prezidentimiz belgilagan strategiya va islohotlarni amalga oshirishda jipslashib, bir tanu bir jon bo‘lib ishlashimiz kerak”, deb yozadi maqola so‘ngida Rustam Azimov.