Mahalla raislarining maoshi oshibdi…

Mahalla raislarining maoshi oshibdi… Prezident farmoni bilan 2021 yil 1 noyabrdan hududida xonadonlar soni mingta va undan ortiq boʻlgan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining oylik lavozim maoshlari 35 foizga oshiriladi.

Maosh oshgani yaxshi albatta. Kimningdir roʻzgʻori butlanadi, hayoti yaxshilanadi. Faqat ana shu maosh oshgani ortidan odamlar yelkasidagi ogʻirlik bittaga kamaysa, duch kelayotgan muammolari barham topa boshlasa, bosh urib boradigan eshik ortidagilar ularning dardini tinglay boshlasa… Shundan umid qilamiz albatta.

Umid qilamizki, bola pulini, yordam pulini soʻrab borganlardan ikki-uch oyligani olib qoladigan mahalla raislari haqida eshitmaymiz endi… Umid qilamizki, mahalla hududidagi yerlarni tadbirkorlarga «olib berish ishi»ga aralashadigan mahalla raislari chiqmaydi endi… Yana umid qilamizki, mahalladagi muammolarni yashirishga emas, ularni yechishga, aholi tomonida turib davlatdan buni talab qilishga qodir mahalla raislar koʻpayishiga…

Prezident qaysi hududga, qaysi mahallaga bormasin, mahalla bu alohida bir tizim boʻlishi, u shu yerdagi aholining soʻzi boʻlishi kerakligini taʼkidlaydi. Ushbu qaror balki mahallalar mustaqil organi ekanini faqat qogʻozda emas, balki amalda taʼminlar. Ularga nisbatan «hokimiyat dastyori» degan qarashlarga barham berar balki. Shunga umid qilamiz…

Mukofot pullarini olgan mahalla raislari korrupsiya degan baloga qarshi qattiq kurash boshlab yuborar. Xalqning gazsiz, elektrsiz oʻtirishiga jim qarab turmasdan kerakli idoralarga murojaat qilib, hududimdagi aholining yashashini yaxshilab beringlar deb baralla ayta olar… Mana shu qaror sabab balki qishloq yoʻllari tekis ravon boʻlib, mahalla raislari olgan oyligidan baraka topar… Shunga umid qilamiz har holda…

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini saqlash bilan bogʻliq xarajatlari tegishli mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilishi haqida ham tegishli bandlar keltirib oʻtilgan. Demak, bu oʻsha hududda yashayotgan, ishlayotgan qorakoʻzlarning peshona teri, toʻlagan soligʻidir.

Qarorda taʼkidlanishicha, tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarini ragʻbatlantirish jamgʻarmasini tashkil etiladi.

Maʼlumotlarga koʻra, respublikada 9225 ta fuqarolar yigʻini mavjud. Prezident farmoni bilan fuqarolar yigʻinlari raislari va masʼul kotiblarining oylik ish haqi oʻtgan yilning oʻzida 1,5 barobarga oshirildi.