Talabalar faqatgina diplom uchun o’qiyaptimi?

Bugungi kunda mamlakatimizda 441,0 mingdan ortiq talaba tahsil oladi. Lekin ko’pchilik talabalar oliy ta’lim tizimidan nozori ekanligi haqida, ba’zilari shunchaki diplom uchun o’qiyotganligi haqida aytganiga ko’p guvoh bo’lganman.

Xo’sh, O’zbekiston Oliy ta’lim tizimi ko’rsatkichi nega past? Izlasak, sabablar bisyor, bizga esa har doimgidek muammoning yechimi kerak.

“Respublikamizda 131 ta OTMda bakalavriatda 134 ta ta’lim yo‘nalishi, magistraturada 147 ta mutaxassislik yangidan tashkil qilingan. Oliy ta’lim tizimini 2030- yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 2030- yilga qadar 50 foizga yetkazish belgilangan», deyilgan Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi hisobotida.

To’g’ri, so’nggi yillar ichida qabul kvotalarini oshayotgani, qo’shimcha fakultetlar, qo’shimcha imtiyozlar tashkil etilayotgani quvonchli hol, albatta. Biroq bizda hali ham ba’zi tizimlar monopol bo’lib davom etayotgani, islohotlar erkin tarzda emas, balki qaror qabul qilishda ham kim bilandir maslahatlashib ish ko’rish bunga to’sqinlik qilayotgan asosiy omillardan biridir.

Ko’pchilik yoshlarimiz ongida “Bizda o’qishga kirish qiyin, o’qish oson” degan tamoyil shakllanib qolgan. To’g’ri-da, OTM ga kirmoqchi bo’lgan abituriyent qancha vaqt tayyorgarlik ko’radi? Ammo, talaba bo’lib olgach o’qishining ko’rsatkichi sezilardi darajada sustlashib qoladi. Xo’sh, bunga kim aybdor? Talabami yoki o’qituvchi? … Har holda “Qars ikki qo’ldan chiqadi” degan naql ham bejizga aytilmagan bo’lsa kerak?!


Talabalar OTM tizimiga qanday munosabatda ekanligiga ham qiziqib ko’rdik. Ushbu masala yuzasidan bir talaba:
– OTMlar qandayligiga qarab farqlanadi, baʼzi joylarda eski tizim haligacha saqlanib qolgan, keraksiz fanlar, nomutaxassis oʻqituvchilar, boshqa joylarda esa (asosan xususiy OTMlarda) kreativlik, talabalarni 80 daqiqa maʼruza tinglashga majbur qilinmaydi, 40 daqiqa dars oʻtiladi, shu bilan hamma oʻziga kerak narsalarni oladi. Boshqa narsalar, shaxsiyat, oʻzi-oʻzini maqtash “tema”lari bunday OTMlarda koʻzga tashlanmaydi.
Davlat Oliy taʼlimida esa, majlisbozlik, tadbirxonlik, yana allambalolar. Ishoning, siz ham, men ham birinchi bosqich paytimizda tadbirlardan boʻshamadik-ku, majburlab tiqishdi zallarga.
“Jahon tajribasi” deb ogʻiz yirtamiz-u, biroq amalga kelganda oʻz farosatimizcha ish qilaveramiz, – deya ta’kidladi.

OTMda tahsil olayotgan yana bir talaba esa o’z fikrlarini quyidagicha izohlab o’tdi:
– Oliy taʼlim oʻz nomi bilan oliy darajada taʼlim berish bilan shugʻullanuvchi taʼlim tizimidir. Ammo, nomi bilan amali farqli bu tizimda taʼlim ikkinchi, uchinchi, ….nchi oʻrinda qolib ketgani bor gap. Beriladigan bilimdan avval “sizdan ugina, bizdan bugina” deb turib olib, tarbiya, davomat, forma va hokazolar haqida talab qoʻyadigan OTMlari oʻz-oʻzidan talabadagi ishtiyoqni soʻndirib yuboradi. Bugun men tasavvur qiladigan oliy taʼlim xuddi shunday – pul boʻlsa, changalda shoʻrva qabilida ish koʻruvchi, maʼnaviyat politsiyasiga toʻla bir tizimdir.

Yuqoridagi fikrlar, yoshlarimizning qarashlari esa garchi tan olgimiz kelmasa-da, bugungi kunda jamiyatimizda, atrofimizda sodir bo’layotgan achchiq haqiqatlardan biridir.

Aslida soha bo’yicha yo’naltirilgan ta’limning ko’p qismi Oliy ta’lim muassasalarida berilishini yaxshi bilamiz. Lekin shunchaki yuzaki olingan bilimlar kelajakda asqotmasligi esa ma’lum. Hozirgi kunda shakllanib borayotgan bo’lajak savodsiz o’qituvchilar, korrupsiyaxo’r rahbarlar orqali jamiyat tanazzga yuz tutishi turgan gap. Bunga chek qo’yish esa o’zimizning qo’limizda!

Laylo Esanmurodova